O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati tuman-shahar bosh imom-xatiblari va otinoyilari ishtirokida tahliliy yig‘ilish o‘tkazdilar.
Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Burhonjon Qo‘ldoshev, soha mas’ullari va bosh imom-xatiblar ishtirok etib, hududda amalga oshirilgan xayrli ishlar va oldinda turgan dolzarb vazifalarni muhokama qildilar.
Majlisda Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi masjidlar, Qur’on kurslari va majmualar barpo etilayotgani, xususan, joriy yilda Qo‘qon shahrida “Masjidul Latif”, Qo‘shtepa tumanida “Umar ibn Xattob” hamda Yozyovon tumanida “Al Farg‘oniy” jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, Qo‘qonda yangi tajvid kursi ish boshlaganini alohida e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan 42 mingta ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, 6 500 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgani, 6 000 nafar migrant oilalari holidan xabar olingani hamda 400 ta ajrim yoqasidagi oila yarashtirilgani ijobiy baholandi.
Shuningdek, homiylar va imomlar tashabbusi bilan ehtiyojmandlarga 3 mlrd so‘mlik va madrasalarga 136 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilib, 3 ta oilaga yangi uy qurib berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu bilan birga, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Imom-xatiblarga aholi orasida targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirish, Mustaqilligimizning 35 yilligi va «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida masjidlarni obod qilish topshirildi.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish va ijtimoiy tarmoqlarda notiq imom-xatiblar tomonidan tayyorlangan videoma’ruzalarni keng tarqatib, axborot makonida sog‘lom e’tiqod muhitini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Muftiy hazratlari har bir xodim o‘zini shariat xodimi sifatida anglab, taqvo, halollik va yuksak mas’uliyat bilan xalqimizga xizmat qilishi lozimligini uqtirdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi mutaxassislari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati