Bugun, 3 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Kiberjinoyatchilik: zamonaviy jamiyatning yangi tahdidi” mavzusida onlayn yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Diniy idora Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hotamov so‘zlab, ishtirokchilar e’tiborini bugungi kunda dolzarb muammoga aylanib borayotgan kiberjinoyatlar ko‘lamiga qaratdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Toshkentda kiberjinoyatlar soni 16 mingdan ortgan. Fuqarolar qariyb 2 trillion so‘m moddiy zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, ularni fosh etish 8 foizga ham yetmagan.
Ushbu jinoyatlarga keskin barham berish va oldini olish uchun 2026 yil 10 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasining 2026 – 2030 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi qabul qilindi.
Yuqoridagi kabi salbiy xolatlarning oldini olishda aholining huquqiy savodxonligini oshirish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda Diniy idora bosh yuristi Alisher Agzamov Kiberjinoyatchilikning paydo bo‘lish tarixi, asosiy turlari, kiberjinoyatga duch kelgan kishi nima qilishi kerakligi, kiberxavfsizlikning oddiy qoidalari haqida tushunchalar berib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati