frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Uyga kirishda bajariladigan 4 amal

04.08.2026   16078   1 min.
Uyga kirishda bajariladigan 4 amal

1. “Bismillah” ni aytish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qachonki kishi uyiga kirsa, kirishida ham, taomi ustida ham Allohni zikr qilsa, shayton (sheriklariga): «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar kirganida Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joylaringizni topdingiz», deydi. Taomi ustida ham Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).

2. Kirish duosini aytish:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kishi uyiga kirganda:

“Allohumma, inniy asaluka xoyrol mavlaji va xoyrol maxroji. Bismillahi valajnaa va bismillahi xorojnaa va ’ala Allohi Robbinaa tavakkalnaa”

“Allohim, Sendan yaxshi kirish va yaxshi chiqishni so‘rayman. Allohning nomi bilan kirdik, Allohning nomi bilan chiqdik. Robbimiz Allohga tavakkal qildik, desin va ahliga salom bersin» (Imom Abu Dovud rivoyati).

3. Uydagilarga salom berish.

Alloh taolo bunday buyuradi: “Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya’ni “Assalomu alaykum” deng!)” (Nur surasi, 61-oyat).

4. Og‘izni misvok bilan tozalash.

Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo‘lib misvok ishlatardilar” (Imom Muslim rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

17.08.2026   551   1 min.
24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.

Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.

27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari