O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Namangan viloyati filiali tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tavsiyasiga asosan, viloyatning turli hududlaridan kelgan, boquvchisini yo‘qotgan va mehrga muhtoj 35 nafar bolajon uchun sunnat to‘yi tashkil etildi.
Tadbir tafsilotlari:
– Har bir to‘y bolasiga homiylar tomonidan velosiped, kostyum-shim va bayramona sarpolar hadya qilindi.
– Bolajonlar va ularning yaqinlari uchun bayram dasturxoni yozilib, unutilmas va ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
– Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, bu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylarga minnatdorlik bildirdi va farzandlar kamolini so‘rab duo qildi.
Bu kabi savobli tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati