Mustaqilligimizning muqaddas 35 yilligi arafasida Toshkent viloyatida imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida "ZAKOVAT" intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan 6 ta jamoa tarkibidagi soha vakillari o‘zlarining teran bilimi, mulohazakorligi va mantiqiy fikrlash qobiliyatini sinovdan o‘tkazdilar. Har bir savol nafaqat intellektual bilim, balki boy tariximiz, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimiz va xalqimizning ma’naviy merosini yorqin aks ettirdi.
Murosasiz va qizg‘in kechgan bahs yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi:
G‘olib jamoalar:
1-o‘rin — "Bilimdonlar" jamoasi
2-o‘rin — "Ziyolilar" jamoasi
3-o‘rin — "Faollar" jamoasi
Diniy soha vakillarining bu kabi sog‘lom raqobat va intellektual bellashuvlarda faol ishtirok etishi jamiyatda ma’rifat nurini yanada kengroq yoyilashiga xizmat qiladi.
G‘olib va ishtirokchilarni chin qalbdan tabriklaymiz!
Ilm-ma’rifat yo‘lidagi xayrli ishlariga Alloh taolo baraka bersin, mas’uliyatli faoliyatlarida kuch-g‘ayrat yor bo‘lsin!
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati