Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kotibiyati boshlig‘i, general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bilan tanishuv davomida mehmon, ayniqsa, Usmon Mus'hafini ko‘rib chuqur taassurot olganini ta’kidlab, uni bu yerdagi eng noyob va unutilmas yodgorliklardan biri, deya e’tirof etdi.
Tashrif chog‘ida general Dinesh Kumar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi. U islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan galereyalar, buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Mehmon ekspozitsiyalar tarixiy merosni zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, har bir galereya o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston va butun mintaqa sivilizatsiyasi tarixini yaxlit holda anglash imkonini beradi.
General Dinesh Kumar bunday dedi:
➖ Bu haqiqatan ham hayratlanarli maskan. Delegatsiyam bilan birgalikda bu yerga kelib, katta taassurotlar oldik. Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda islomgacha bo‘lgan davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixning izchil va ta’sirchan tarzda yoritilgani meni chuqur hayratga soldi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar yordamida tarixni jonlantirish usuli tahsinga sazovor. Bu yerda har bir ekspozitsiya o‘tmishni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur his qilish imkonini ham beradi.
Bizga namoyish etilgan Usmon Mus'hafi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada noyob meros ekan. Bu men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi va uni umrim davomida eslab yuraman.
O‘zbekistonga keladigan har bir sayyoh ushbu maskanni albatta ko‘rishi kerak. Biz Hindistonga qaytgach, do‘stlarimiz va hamkasblarimizga ham bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.
Tashrif yakunida general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ko‘p asrlik tarixiy va ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan, xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan ekanini alohida ta’kidladi.
iccu.uz
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati