Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi
Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.
Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.
Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.
Son emas, sifat muhim
Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.
Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.
Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.
Tarix takrorlanib turadi
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh “Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Salohiddin ShЕRXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i
"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati