Tadbirni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ochib berib, mazkur bellashuv diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasidagi jamoaviy hamjihatlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan jamlangan jamoalar qizg‘in va murosasiz bahslar olib bordi. Ishtirokchilar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, shuningdek, mamlakatimiz qonunchiligi va milliy qadriyatlarga oid savollar orqali o‘zlarining intellektual salohiyati hamda tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, eng bilimdon jamoalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin — Jalaquduq tumani;
2-o‘rin — Qo‘rg‘ontepa tumani;
3-o‘rin — Xo‘jaobod tumani.
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ilm-ma’rifat yo‘lida bellashgan barcha ishtirokchilarni muborakbod etib, ularning kelgusi xayrli faoliyatlarida Alloh taolodan baraka va zafarlar tilaymiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati