Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV
Prezidentimiz 2021 yilda "Bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan yangi O‘zbekiston emas" degan edi. Bu iqror islohotni tayyor g‘alaba sifatida ko‘rsatishdan ko‘ra mas’uliyatliroq. Chunki mavjud kamchilikni tan olmagan davlat uni tuzatish uchun ham chora izlamaydi.
Bu gal biz nazarda tutayotgan "yo‘l" so‘zi shunchaki metafora emas. Gap mamlakatning qishloq yo‘llaridan tortib, xalqaro avtomagistraligacha, temir yo‘llaridan metrogacha, havo qo‘nalg‘asidan tranzit yo‘lagigacha bo‘lgan harakat tizimi haqida boradi. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan eng muhim yangilik – yo‘lni alohida qurilish obyekti emas, inson, iqtisodiyot va davlatni harakatga keltiradigan yaxlit tizim sifatida ko‘ra boshlagani haqida.
Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
"Ziyo" media markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2026 yil 14 avgust, 164-son