O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro mediaforum yakunlari va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi global markazi sifatidagi roliga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al Montasaf” nashri forum 40 ta mamlakatdan 200 nafardan ortiq jurnalist va OAV vakillarini birlashtirib, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy mash’al sifatidagi maqomini namoyish etgani haqidagi fikrni keng yoritmoqda.
Shuningdek, “Eldameer” nashri Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga e’tibor qaratgan. Markaz qadimiy qo‘lyozmalarni, jumladan, mamlakatda saqlanayotgan Mus'hafning eng qadimiy nusxalaridan birini tadqiq etish va nashr qilishda nashriyotlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ushbu keng ko‘lamli madaniy va ma’rifiy yuksalish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli mumkin bo‘lgani ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, “Eldameer” nashri sahifalarida sodir bo‘layotgan uyg‘onishning tarixiy ahamiyati qayd etilib, O‘zbekiston rahbari shafeligida islom mamlakatlari yoshlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot tanlovini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbirning boy dasturi, jumladan, ishtirokchilarning buyuk muhaddis Imom Al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish uchun Samarqandga rejalashtirilgan tashrifi ham yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati