Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolar murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning taklif va murojaatlarini tingladi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi ochiq muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati