Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati
Buxoro shahridagi "Sayfiddin Boxarziy" (Shayx ul-Olam) jome masjidida zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi tahoratxona namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
Mazkur inshoot bir vaqtning o‘zida 70 nafargacha namozxonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shuningdek, unda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus jihozlangan 4 ta alohida xona ham tashkil etilgan.
Inshoot yozgi va qishki mavsumlarda ibodat qiluvchilar uchun maksimal darajada qulay bo‘lgan barcha zarur sharoitlar, jumladan, isitish va sovitish tizimlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylar, mehnat qilgan quruvchi va ustalarning ezgu amallarini dargohida husni qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati