Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Jannatning misoli

26.08.2026   13528   3 min.
Jannatning misoli

“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli shuki, uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir” (Ra’d surasi, 35-oyat).


Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax bir­biriga o‘xshash emas.


Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).


Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.


Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.


Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.


Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.


Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.


Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.


Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan

Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   16469   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari