Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Oktabr, 2026   |   3 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:33
Peshin
12:09
Asr
16:00
Shom
17:48
Xufton
19:03
Bismillah
14 Oktabr, 2026, 3 Jumadul avval, 1448
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   42337   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Londonda o‘tkazilgan “World Halal Food Festival 2026” festivalida o‘zbek palovi taqdim etildi

05.10.2026   97093   1 min.
Londonda o‘tkazilgan “World Halal Food Festival 2026” festivalida o‘zbek palovi taqdim etildi

Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tkazilgan 12-xalqaro “World Halal Food Festival 2026” festivali doirasida mehmonlarga an’anaviy o‘zbek palovi taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur yirik gastronomik tadbirda Londondagi “Oshpaz” o‘zbek restorani jamoasi festival ishtirokchilari ko‘z o‘ngida maxsus cho‘yan qozonlarda an’anaviy uslub asosida o‘zbek palovini tayyorladi. Bu mehmonlarga nafaqat taomning betakror ta’midan bahramand bo‘lish, balki uni tayyorlash jarayoni va o‘zbek milliy oshxonasi an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

O‘zbek palovi festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xushbo‘y ziravorlar, guruch, sabzi va go‘shtning o‘zaro uyg‘unligi, shuningdek, qozonda tayyorlashning milliy usuli tadbir ishtirokchilarida yorqin taassurot qoldirdi.

“World Halal Food Festival” halol mahsulotlar, gastronomiya va madaniy xilma-xillikni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbir hisoblanadi. 2026 yilgi festivalda 25 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan tadbirga 20 mingdan ziyod kishi tashrif buyurdi.

Festivalda ishtirok etish Britaniya jamoatchiligini o‘zbek milliy oshxonasi bilan yaqinroq tanishtirish, O‘zbekistonning boy gastronomik merosini xalqaro auditoriyaga yetkazish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari