frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   40068   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

XIII asrda bolalar huquqi qanday himoyalangan?

24.09.2026   47756   2 min.
XIII asrda bolalar huquqi qanday himoyalangan?

Avgust oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etilgan Mediaforum doirasida tarix fanlari doktori Muslim Atayev tomonidan XIII asrda Movarounnahrda yaratilgan bolalar huquqiga oid noyob huquqiy-fiqhiy manba — Majduddin Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari haqida muhim ma’lumotlar taqdim etildi, xabar bermoqda iccu.uz.

Tarixiy Movarounnahr nafaqat ilm-fan va madaniyat, balki huquqshunoslik sohasida ham ulkan ilmiy meros qoldirgan zamin hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, XIII asrda Ustrushanada (hozirgi Jizzax hududi) yashab ijod qilgan buyuk faqih Majduddin Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning ilmiy merosi alohida ahamiyatga ega. Uning 625/1228 yil 28 iyulda yozib tugatilgan «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari bolalar huquqiga bag‘ishlangan noyob huquqiy-fiqhiy manba sifatida e’tirof etiladi.

Asarda:
➖bolalarga oid 1280 ta fatvo 45 ta masala doirasida tizimlashtirilgan;
➖bola huquqlari birinchi bor keng qamrovda huquqiy jihatdan tasniflangan;
➖bolalar yoshi ona qornidagi holat, go‘daklik, balog‘at va o‘smirlik davrlariga ajratilgan;
➖bolalarning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, fuqarolik, mulkiy, mehnat va meros huquqlari tahlil qilingan;
➖huquqiy masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy-ma’naviy yechimlar, axloq-odob me’yorlari hamda milliy va diniy urf-odatlarning uyg‘unligi yoritilgan.

Qizig‘i shundaki, G‘arb dunyosida bola huquqlarining huquqiy jihatdan shakllanishi asosan XIX–XX asrlarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 1804 yilgi Fransiya Fuqarolik kodeksida 2281 ta moddadan atigi 5 tasi bolalar huquqlariga daxldor bo‘lgan. 1908 yilda AQSHda yuvenal huquq tizimiga asos solingan bo‘lsa, 1924 yilda Millatlar Ligasi tomonidan Bola huquqlari Jeneva deklaratsiyasi qabul qilingan. 1959 yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, 1989 yilda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi.

Demak, bola huquqlarini tizimli huquqiy jihatdan o‘rganish an’analari tarixiy Movarounnahrda, xususan, Ustrushanada XIII asrdayoq shakllangan. Ustrushaniy merosi milliy huquqiy tafakkurimiz tarixining bebaho qismi. Bugun ushbu ilmiy merosni o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish orqali biz nafaqat buyuk ajdodlarimizning huquqiy tafakkurini namoyon etamiz, balki O‘zbekiston zaminida bola huquqlariga bo‘lgan e’tiborning chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini ko‘rsatamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari