Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Oktabr, 2026   |   20 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:01
Quyosh
06:19
Peshin
12:13
Asr
16:19
Shom
18:09
Xufton
19:24
Bismillah
01 Oktabr, 2026, 20 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

30.09.2026   6817   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ustoz – qalb me’mori

30.09.2026   3436   5 min.
Ustoz – qalb me’mori

                Ustoz – muallimsiz  qolganda  zamon,

 Nodonlikdan   qaro  bo‘lardi  zamon.

Abdurahmon  Jomiy

   Yurtimizda har yili 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Albatta, bu bayram Yurtimizda ustozlarga bo‘lgan hurmatning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida ustozlarga ehtirom ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan buyuk qadriyatlarimizdan sanaladi. Bu yorug‘ olamda onadek mehribon, otadek g‘amxo‘r, har birimiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ulug‘ zot bu muallim va murabbiylardir. 


   Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga «payg‘ambarlarning merosxo‘rlari» deb e’zozlanmaganlar. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi:


“….Alloh Sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni baland daraja (martaba) larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat). 


  Ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish savobli amal bo‘lib, bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsizdir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday marhamat qilganlar:

«Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va hattoki baliqqacha odamlarga yaxshilikni  ta’lim beruvchiga salavot aytadilar» (Imom Termiziy rivoyati).


  Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ongu tafakkur muhandislari va ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ustoz va muallim hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir.


   Ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan omonlik qirg‘og‘iga yetishadilar. Binobarin, ustozu muallimlarni risoladagidek hurmatlamay turib, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslar, olimu ziyoli, shifokoru muhandis, xodimu tadbirkor kabi kishilik jamiyatiga foydasi tegadigan kerakli va fidoyi insonlarni kutish mumkin emas.


   O‘tmishda ham, hozirda ham bizda shogirdlariga ilm – hikmatni tanituvchi ustozlar hurmat qilingan. Bu haqida quyidagi rivoyatlarni keltirib o‘tish foydadan holi bo‘lmas:


   Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy (rahimahulloh) bir muddat Makkai mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.


   Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. (Nafaqat u) Balki, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman».


   Ustoz deganda faqatgina diniy bilimlarni ta’lim bergan kishilarni emas, balki, har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini ham unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz ‒ Islomda ilmlar diniy, dunyoviyga ajratilmaydi. Balki, foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.


  O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqeiga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir.

 
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.


     1-oktyabr "O‘qituvchi va murabbiylar" kuni bilan bugungi kunda dinimiz ravnaqi, yosh avlodni sog‘lom e’tiqod, vatanparvarlik va yuksak axloq ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatayotgan barcha ustoz va murabbiylarimizni chin qalbdan muborakbod etamiz!


   Alloh taolo har bir ustozimizga sihat-salomatlik, uzoq umr, ilmiy va ma’rifiy faoliyatlarida ulkan zafarlar ato etsin. Qilgan barcha solih amallari va o‘rgatgan ilmlari ularga sadaqai joriya bo‘lib tursin!


 Hamisha e’zozda va ehtiromda bo‘ling, qadrli ustozlar!

 

 

Odiljon Narzullayev
Yangiyo‘l tumani “Qirsadaq” 
jome masjidi imom xatibi

Kun mavzusi