Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Qadim va navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mamlakatimiz sporti solnomasiga oltin harflar bilan muhrlandi. Dunyoning 200 dan ortiq davlatidan 2 mingga yaqin grossmeyster va jamoalar ishtirok etgan nufuzli aql-zakovat bellashuvida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tengsiz sabot va mahorat ko‘rsatib, 20 ochko bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritdi hamda ikki karra Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, erkaklar yo‘nalishida Hindiston kumush (18 ochko), Germaniya bronza (18 ochko) medaliga ega chiqdi. Ayollar terma jamoamiz 15 ochko jamg‘arib, 13-o‘rinni band etgan bo‘lsa, matonatli parashaxmatchilarimiz olimpiada tarixida ilk bor bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Olimpiada davomida shaxmatchilarimiz shaxsiy ko‘rsatkichlarda ham yorqin natijalarga erishdi:
Nodirbek Abdusattorov 1-taxtada mag‘lubiyatsiz dona surib, oltin medal sohibiga aylandi;
Nodirbek Yoqubboyev eng mas’uliyatli partiyalarda g‘alaba qozonib, reytingini +26,7 ochkoga oshirdi hamda dunyoning eng kuchli grossmeysterlari orasida eng yuqori o‘sishni ko‘rsatdi;
Javohir Sindorov ilk bor ta’sis etilgan «FIDЕ Excellence Awards 2026» doirasida «Eng yaxshi erkak shaxmatchi» deb e’tirof etildi;
Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov jamoaviy g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi;
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi esa FIDЕ tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb topildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoa a’zolari, ustoz va murabbiylarni ushbu olamshumul tarixiy g‘alaba bilan samimiy muborakbod etib, yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris ekanini ta’kidladi hamda g‘olib va sovrindorlarni yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirladi.
Poytaxtimizda katta tantana va ehtirom bilan kutib olingan shaxmatchilarimizning ushbu muvaffaqiyati yangi O‘zbekiston yoshlari uchun chinakam ibrat va g‘urur timsoliga aylandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati