Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi tomonidan “InterContinental Cairo Semiramis” mehmonxonasida O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilish, misrlik sayyohlar oqimini oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “Umrah Plus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi (UPITA) vakillari, Misr davlat idoralari rahbariyati, diplomatik korpus, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani yaratish va xalqaro turistik yo‘nalishlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidladi. U O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va ziyorat turizmi imkoniyatlarini qayd etib, misrlik sayyohlarni Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga tashrif buyurishga taklif qildi.
Misr Turizm va antikvariat vaziri o‘rinbosari Yomna Elbahar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash, turizm sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma turistik mahsulotlarni yaratish muhimligini qayd etdi.
Ushbu davlat Vaqf vazirligi vakili Fotima Antar esa O‘zbekistonda Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy merosini asrash hamda ularning maqbaralari negizida zamonaviy majmualar barpo etish ishlariga yuqori baho berib, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ziyorat turizmining ahamiyatini e’tirof qildi.
UPITA rahbari Sherzod Sami 2027 yil iyun oyida Misrda “Tourism Expo” ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Mazkur ko‘rgazma O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini keng namoyish etish, turoperatorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun muhim maydon bo‘lishi ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan misrlik sayyohlar soni 7 ming nafardan oshib, o‘tgan davrga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘paygan. Bu ikki mamlakat o‘rtasida turistik almashinuvni yanada kengaytirish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Tadbir yakunida Misr Turizm federatsiyasi, “DAHAB” turoperatori va UPITA o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat turoperatorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati