Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
18 oktyabr kuni Bag‘dodda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 52-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev IHT bosh kotibi Ismoil Uld Shayx Ahmad bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, tashkilot doirasida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati