Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Oktabr, 2026   |   2 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:14
Quyosh
06:32
Peshin
12:09
Asr
16:02
Shom
17:50
Xufton
19:04
Bismillah
13 Oktabr, 2026, 2 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Telefonning ko‘rinmas zanjirlari

12.10.2026   9662   6 min.
Telefonning ko‘rinmas zanjirlari

UYALI TЕLЕFON:

QULAYLIK BILAN BIRGA KЕLADIGAN XAVFLAR.

KO‘RINMAS ZARARLARI.

HAYOTIMIZDAN NIMALARNI TORTIB OLMOQDA?

 

Xorijiy ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra,

zamonaviy olimlar hamda turli soha mutaxassislari

“UYALI TЕLЕFONNING INSON HAYOTI VA SOG‘LIG‘IGA SALBIY TA’SIRLARI” mavzusida qator mamlakatlarda olib borilgan

ilmiy tadqiqotlar, ko‘p yillik kuzatuvlar va amaliy tajribalar

asosida MUHIM ILMIY XULOSALARga keldilar:

 

  1. Texnologiya – yaxshi xizmatkor, ammo yomon xo‘jayin. Agar biz uni boshqarmasak, vaqt o‘tib u bizni boshqara boshlaydi.
  2. Uyali telefon kelajak avlodni yo‘q qilish bosqichida turibti. Agar o‘zimizni nazorat qilmasak, u bizning ruhiyatimizga ham raxna soladi.
  3. U inson hayotidagi o‘nlab vositalarning o‘rnini bosdi, ba’zilarini esa deyarli unuttirdi.
  4. Uning o‘zi emas, balki undan me’yorsiz va ongsiz foydalanish sog‘ligimizga, tafakkurimizga va munosabatlarimizga zarar yetkazishi mumkin.
  5. Eng katta xavf shundaki, agar undan me’yorsiz foydalansa, u asta-sekin insonni aqlini o‘ldiradi.

 


(I)  UYALI TЕLЕFON KO‘P HOLLARDA O‘RNINI QISMAN BOSGAN YOKI

ULARGA BO‘LGAN EHTIYOJNI KAMAYTIRGAN AYRIM NARSALAR:

 

  1. Soat.
  2. Budilnik.
  3. Radio.
  4. Statsionar telefon.
  5. Kalkulyator.
  6. Televizor.
  7. Fonar.
  8. Oyna.
  9. Gazeta.
  10. Jurnal.
  11. Kitob.
  12. Kompas.
  13. Xaritalar.
  14. Cho‘ntak hamyoni.
  15. Stol taqvimi.
  16. Kundalik.
  17. Diktofon.
  18. Fotoapparat.
  19. Videokamera.
  20. Musiqa pleyerlari.
  21. Video o‘yin qurilmalari.
  22. Kompyuter.
  23. Plastik kartalar.
     

 

(II)    UYALI TЕLЕFONDAN MЕ’YORSIZ FOYDALANISH OQIBATIDA

ZARAR KO‘RAYOTGAN QADRIYATLAR:

 

  1. Ko‘plab nikohlarni o‘ldirdi.
  2. Ko‘plab oilalarni o‘ldirdi.
  3. Yoshlarimizning tarbiyasini o‘ldirdi.
  4. Asta-sekin ko‘zlarimiz nurini ham o‘ldirmoqda.
  5. Jonli suhbat madaniyatini o‘ldirmoqda.
  6. Qo‘ni-qo‘shnichilik va mehmonga borish odatini o‘ldirmoqda.
  7. Sabr-toqatni o‘ldirmoqda.
  8. Kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni o‘ldirmoqda.
  9. Bolalarning ko‘chada o‘ynashi va jismoniy faolligini o‘ldirmoqda.
  10. Ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi samimiy muloqotni o‘ldirmoqda.
  11. Diqqatni jamlash qobiliyatini o‘ldirmoqda.
  12. Vaqtning barakasini o‘ldirmoqda.
  13. Xotirani mashq qilish ehtiyojini o‘ldirmoqda.
  14. Mustaqil fikrlashga ajratiladigan vaqtni o‘ldirmoqda.
  15. Tinchlik va sukunatdan zavqlanishni o‘ldirmoqda.
  16. Tabiat bilan yaqinlikni o‘ldirmoqda.
  17. Insonlarning bir-biriga yuzma-yuz mehr va e’tibor ko‘rsatish odatini o‘ldirmoqda.

     

  (III)   UYALI TЕLЕFON SABAB YO‘QOTILAYOTGAN

ENG MUHIM NЕ’MATLAR:

 

  1. Oilaviy mehr va iliq munosabatlar.
  2. Ayrim oilalarning mustahkamligi.
  3. Farzand tarbiyasiga yetarlicha e’tibor.
  4. Kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish.
  5. Diqqatni bir nuqtaga jamlash qobiliyati.
  6. Xotirani mashq qilish odati.
  7. Sabr-toqat.
  8. Vaqtning barakasi.
  9. Ko‘z nuri, bo‘yin va umurtqa salomatligi.
  10. To‘g‘ri qaddi-qomat va sog‘lom umurtqa.
  11. Umurtqa pog‘onasi va bo‘yin umurtqa.
  12. Aqliy faollik.
  13. Ruhiy xotirjamlik va ichki sokinlik.
  14. Aqlni ishlatish odati.
  15. Mustaqil fikrlash qobiliyati.
  16. Chuqur mushohada qilish ko‘nikmasi.
  17. Uzoq vaqt davomida diqqat-e’tiborni jamlash qobiliyati.
  18. Vaqtni qadrlash tuyg‘usi.
  19. Sabr bilan izlanish odati.
  20. Yangi bilimni mustaqil izlab topish ko‘nikmasi.
  21. Xotirani mashq qilish ehtiyoji.
  22. Jonli suhbat va samimiy muloqot.
  23. Tinglash madaniyati.
  24. Kitob o‘qishga bo‘lgan mehr.
  25. Tafakkur chuqurligi.
  26. Ijodkorlik.
  27. Xayol surish va orzu qilish uchun vaqt.
  28. Tabiatdan zavqlanish hissi.
  29. Sukunatdan bahra olish odati.
  30. Insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat.
  31. Oila davrasidagi suhbatlar.
  32. Farzand tarbiyasiga ajratiladigan kerakli e’tibor.
  33. Farzandlar bilan birga o‘tkaziladigan sifatli vaqt imkoniyati.
  34. Vijdon bilan o‘z-o‘zini tahlil qilish odati.
  35. Jonli muloqot madaniyati.
  36. Pochta orqali xat yozish odati.
  37. Va eng achinarlisi – insonning o‘z-o‘zi bilan yolg‘iz qolib, fikr yuritish qobiliyati.

     

  (IV)  UYALI TЕLЕFONNING INSON SALOMATLIGIGA AYRIM ZARARLARI:

  1. Ko‘zning toliqishi va ko‘rish qobiliyatining pasayishi.
  2. Quruq ko‘z sindromini keltirib chiqarishi.
  3. Bo‘yin va yelka mushaklarida og‘riqlarni keltirib chiqarishi.
  4. Umurtqa pog‘onasiga ortiqcha bosim tushirishi.
  5. Bilak va barmoq bo‘g‘imlarida og‘riq paydo qilishi.
  6. Bosh og‘rig‘i va ko‘z charchog‘ini kuchaytirishi.
  7. Uyqu sifati va biologik ritmning buzilishi.
  8. Melatonin gormoni ishlab chiqarilishining kamayishi.
  9. Asabiylik va jizzakilikni oshirishi.
  10. Xavotir hissini kuchaytirishi.
  11. Diqqatni jamlash qobiliyatini susaytirishi.
  12. Ko‘rish qobiliyati, bo‘yin va umurtqa salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi.
  13. Qaddi-qomatning buzilishi va umurtqa salomatligining yomonlashishi.
  14. Umurtqa pog‘onasi va bo‘yin umurtqalarida o‘zgarishlar yuzaga kelishi.
  15. Aqliy faoliyatning kamayishi.
  16. Fikrlash faolligining pasayishi.
  17. Ruhiy xotirjamlik va ichki sokinlikning kamayishi.
  18. Xotira faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi.
  19. Telefonga qaramlik (addiksiya)ni shakllantirishi.
  20. Jismoniy harakatning kamayishiga sabab bo‘lishi.
  21. Ortiqcha vazn va semirish xavfini oshirishi.
  22. Kamharakatlik tufayli yurak-qon tomir kasalliklari uchun xavf omillarini kuchaytirishi.
  23. Ruhiy charchoq va stressni kuchaytirishi.
  24. Mustaqil fikrlash qobiliyati kamayishi.
  25. Ijtimoiy yakkalanishga olib kelishi.
  26. Bolalar va o‘smirlarda diqqatni jamlash va o‘qish samaradorligini pasaytirishi.
  27. Avtomobil haydash yoki yo‘ldan o‘tish paytida foydalanilsa, baxtsiz hodisalar xavfini bir necha barobar oshirishi.
     

 

  • U L O S A : 

 

  • Telefon – aybdor emas.

 

  • U insoniyatning eng buyuk ixtirolaridan biri.

 

  • Ammo uning quliga emas, egasiga aylanish kerak.

 

  • Ilmiy nuqtayi nazardan, zararlarning ko‘pi telefonning o‘zi emas, balki undan uzoq vaqt va noto‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq.

 

  • Telefonni maqsadli, me’yorli, ongli ravishda va aql bilan ishlatgan inson undan foyda ko‘radi.

 

  • Me’yorsiz foydalangan inson esa vaqti, sog‘ligi, oilasi va xotirjamligidan ayrilishi mumkin.

 

Ibrohimjon domla Inomov.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

IRCICA bosh direktori: O‘zbekistonning ma’naviy-ilmiy merosi kelajak taraqqiyoti uchun muhim manba

13.10.2026   19023   5 min.
IRCICA bosh direktori: O‘zbekistonning ma’naviy-ilmiy merosi kelajak taraqqiyoti uchun muhim manba

Parij shahrida YUNЕSKO Bosh qarorgohida 7 oktyabr kuni "Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy-ilmiy merosi va ma’rifatning ufqlari" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Tadbir doirasida Islom tarixi, ilm-fani va madaniyati, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, boy ma’naviy merosning zamonaviy taraqqiyotdagi o‘rni hamda madaniyatlararo muloqot masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi — IRCICA Bosh direktori, professor doktor Mahmud Erol Kilich “Ma’naviy-ma’rifiy meros va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi o‘z nutqida o‘tmishning ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish insoniyat uchun nafaqat tarixiy xotirani asrash, balki tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, turli xalqlar va madaniyatlarning umuminsoniy sivilizatsiyaga qo‘shgan hissini xolisona o‘rganish insoniyatning umumiy bilim va tajribasini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi. Ayniqsa, buyuk olimlar, faylasuflar va mutafakkirlarning asrlar davomida shakllangan ta’limotlari bugungi dunyoda ma’naviyat, axloq va insonparvarlik qadriyatlarini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston hududi jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutganini qayd etib, Movarounnahr, Xuroson va umuman Markaziy Osiyo asrlar davomida ilm-fan va ma’rifatning muhim markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

O‘zbekiston hududi sivilizatsiyaning asosiy o‘choqlaridan biri bo‘lib, bu yerda insoniyatning turli sohalarda to‘plagan bilim va tajribalari qabul qilindi, takomillashtirildi, rivojlantirildi va keyingi avlodlarga yetkazildi. Turli e’tiqod va madaniyatlar uyg‘un yashagan bu zaminda hukmdorlarning ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlashi ilmiy izlanishlarning rivojiga keng yo‘l ochdi. Ana shu muhitda shakllangan uch muhim tamoyil — turli manbalardan ilg‘or g‘oyalarni qabul qilishga ochiqlik, tayyor aqidalardan ko‘ra aql va tafakkurga tayanish hamda ilm-fan va diniy bilimlarni birlashtiruvchi yaxlit bilim tushunchasi — bugun ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.

Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino va Beruniy kabi buyuk allomalarning merosi ana shu intellektual muhitning yuksak natijasi bo‘ldi. Ularning ilmiy qarashlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, Jaloliddin Rumiy, Najmiddin Kubro, Yahyo Bokúviy Shirvoniy va Boyazid Bistomiy kabi buyuk ma’naviy allomalarning insonlar o‘rtasida birlik, tenglik, tinchlik va hamjihatlikni targ‘ib etgan ta’limotlari bugun ham jahon uchun muhim ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugun ushbu merosni o‘rganish va uning zamonaviy dunyo uchun ahamiyatini qayta anglash nihoyatda muhim. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Uchinchi Renessans g‘oyasi o‘tmishning boy madaniy merosidan kelajak taraqqiyoti uchun ilhom olishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan strategiyani namoyon etadi. Bu jihatdan mazkur forum ham alohida ahamiyatga ega: u O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan sivilizatsion merosni jahon ilmiy va madaniy makoniga olib chiqish bilan birga, madaniy diplomatiya, o‘zaro tajriba almashinuvi va xalqlar o‘rtasidagi muloqotga xizmat qiladi.

2026 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan rasman ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu keng ko‘lamli tashabbuslarning yorqin namunasidir. Bu Markaz Markaziy Osiyoning islomgacha bo‘lgan davrdan zamonaviy davrgacha bo‘lgan tarixini namoyon etuvchi, boy ilmiy va madaniy merosni bir joyga jamlagan muhtasham majmua hisoblanadi. Men uning ochilish marosimida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldim. Hali ushbu markazga tashrif buyurmagan barchani u bilan tanishishga samimiy tavsiya qilaman, — dedi IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Kilich.

U, shuningdek, IRCICA faoliyati ham ushbu maqsadlar bilan uyg‘un ekanini qayd etdi. Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi xalqaro tashkilot sifatida IRCICA 57 ta a’zo davlat o‘rtasida umumiy madaniy va tarixiy meros asosida hamjihatlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida bilimga asoslangan madaniy almashinuvlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Professor Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston va IRCICA o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengayganini ham qayd etdi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ilmiy va ma’rifiy loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

IRCICA Bosh direktori bunday hamkorliklar buyuk allomalarning ilmiy va ma’naviy merosini bugungi va kelajak avlodlarga yetkazish, ularning g‘oyalarini zamonaviy dunyoda yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston, YUNЕSKO va xalqaro tashkilotlar tomonidan tadbirni tashkil etishdagi hamkorlik, shuningdek, forumda ishtirok etgan ekspertlarga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun: IRCICA — Islom hamkorlik tashkiloti tizimidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot va madaniy tashkilot bo‘lib, islom tarixi, madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasini o‘rganish, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari