Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad jamiyatda dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillarini mustahkamlash, turli diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida ochiq muloqotni rivojlantirish hamda yoshlar orasida tinchlik va bag‘rikenglik qadriyatlarini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni universitet filialining ijrochi direktori Abdulla Mag‘rupov ochib, ishtirokchilarni qutladi. Filialning ijrochi direktori o‘z nutqida jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni asrash, turli millat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmatni mustahkamlash, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda ta’lim muassasalarida bag‘rikenglik muhitini rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi turli diniy konfessiyalar va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etib, dinlararo hamjihatlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va o‘zaro muloqot madaniyatiga oid mavzularda ma’ruzalar qildi.
Ma’ruzalar davomida turli e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlodni insonparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Misrning qator yetakchi OAVda O‘zbekiston–Misr o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar almashinuvini oshirish hamda ikki mamlakatning boy tarixiy, madaniy va diniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Jumladan, “Aldiplomasy”, “Eldameer”, “Al-Muntasaf”, “Almsaey”, “Altaqrernews”, “Albawabhnews” kabi nashrlarda turizm ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholanib, uni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilgan.
O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Kilichev O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni ta’kidlagan. Misrlik sayyohlar uchun elektron viza imkoniyatining joriy etilishi turizm, biznes va madaniy almashinuvni rivojlantirishda muhim qadam sifatida qayd etilgan.
Maqolalarda O‘zbekiston va Misrning mushtarak islomiy merosidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Qohiradagi Al-Azhar ush-Sharifni O‘zbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi bilan bog‘lash orqali diniy-ma’rifiy turizmni rivojlantirish taklif etilgan.
Bu borada “Umra Plyus” dasturlari muhim ahamiyat kasb etib, ziyorat safarlarini tarixiy shaharlar, me’moriy obidalar va madaniy maskanlarga tashriflar bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi. Misrlik sayyohlarni Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentga jalb etish hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida qo‘shma sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish istiqbollari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Islomiddin Sirojiddinov mamlakatning sayyohlik salohiyatini taqdim etib, tog‘li hududlar, qishki kurortlar, tarixiy obidalar va milliy madaniyat misrlik sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishlar ekanini ta’kidlagan.
Chimyon, Amirsoy, Chorvoq, Zomin milliy bog‘i, Samarqand va Xiva kabi maskanlarni targ‘ib qilish, misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun tanishuv safarlarini tashkil etish hamda arab tilidagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash taklif etilgan.
Maqolalarda keltirilishicha, O‘zbekiston o‘tgan yili 11,7 million tashrif buyuruvchini qabul qilgan, joriy yilning birinchi yarmida esa sayyohlar oqimi 25 foizga o‘sgan.
Misr tomoni vakillari ham ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, sayyohlik yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash va xizmatlar sifatini oshirish muhimligini qayd etgan. Misr Turizm palatalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Nosir Turki aviaqatnovlarni rivojlantirish va viza tartiblarini soddalashtirishni qo‘shma turistik dasturlar muvaffaqiyatining asosiy shartlari sifatida ko‘rsatgan.
Xalqaro “Umra Plyus” turizm uyushmasi raisi o‘rinbosari Hakan Shahin 2027 yilda Misrga 100 mingdan 150 ming nafargacha o‘zbek sayyohini jalb etish hamda 6–7 iyun kunlari Qohirada xalqaro turizm ko‘rgazmasini tashkil etish rejalarini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati