Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Aprel, 2026   |   25 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:28
Asr
17:05
Shom
19:06
Xufton
20:22
Bismillah
14 Aprel, 2026, 25 Shavvol, 1447

Selfi Islom olamiga qanday ta'sir qilmoqda?

16.02.2023   3318   6 min.
Selfi Islom olamiga qanday ta'sir qilmoqda?

So'nggi paytlarda dunyoda selfi epidemiyasi keng tarqalib, bu sevimli mashg'ulot shu darajasiga etdiki, selfi olishni o'rgatadigan maxsus saytlar, poyabzallar, maktablarda esa xavfsiz suratga olish darslari joriy etildi.

Ho'sh, biz kamerada o'zimizni suratga olishni istashimiz xudbin bo'lib qolishimizni anglatadimi?

Insonlar yaqin-yaqingacha shaxsiy hayotini o'zgalardan yashirar, bu masalada ehtiyotkorroq munosabatda bo'lardi. Afsuski, bugungi kunda bu manzara o'zgardi. Texnologiyalar rivoji insoniyatning necha asrlar osha yashab kelgan qadriyatu madaniyatlariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Endilikda kishilik jamiyati nafaqat o'z-o'zini hurmat qilishni hatto shaxsiy hayotning qadr-qimmatini ham unutmoqda. Manmanlik, xudbinlik avj olib hamma o'zi haqida butun dunyoga jar solishga tayyor. Nima qilsa ham tezroq mashhur bo'lish, hamma u haqida gapirishini istaydi. Bu borada esa selfimaniya asosiy qurolga aylangan.

Qizig'i shundaki, selfi qanchalik go'zal bo'lsa, shunchalik ko'p “layk”larni yig'adi. Bu bir qaraganda zararsiz bo'lib tuyulishi mumkin, lekin agar fotosurat kam layklarni yig'sa-chi? Bu kishida o'zi haqida salbiy fikrlarni paydo qiladi. Shuning uchun ham ba'zi odamlar telefon kamerasidan ajralmaydilar va Tvitter, Instagram yoki Facebookdagi izdoshlari uchun iste'mol mahsuloti kabi yashaydi. Bunday sevimli mashg'ulot allaqachon kasallikka aylanib ulgurgan.

Bu borada tadqiqot o'tkazgan mutaxasissislar fikricha, ko'plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va selfi ixlosmandlari ruhiy kasallikdan aziyat chekayotganlarini o'zlari ham tushunmaydilar. Unga berilish xulq-atvorga salbiy ta'sir etishi mumkinligini tadqiqotchilar alohida ta'kidlashmoqda.

Ho'sh, Islom olamida selfiga bo'lgan munosabat qanday?

Umra va haj ziyoratiga borganlarning aksariyati ziyoratdan xotira sifatida qolish uchun Ka'ba fonida o'zlarini suratga oladi. Bunda bir qaraganda hech qanday salbiy illat yo'qdek. Ammo inson o'zini qanchalik ishontirmasin,  uning oqibatlarida oz bo'lsa-da be'manilik bor.

Misol uchun, siz Madinayu Makkada ibodatlarni amalga oshirayotganingizda yoki Allohga astoydil duo qilayotganingizda yoningizga bir kishi kelib selfi olish bilan ovora bo'ladi. Bu sizga og'ir botishi tayin. Agar bu ishni siz qilgan bo'lsangiz bilingki, siz kimlarningdir g'ashiga tekib, uning ibodatiga halaqit bergan bo'lishingiz mumkin.

Ayniqsa, Makkada Ka'ba atrofida tavof amalining o'rtasida selfi olish uchun odamlar to'xtab qolsa, bu tiqilinchlik hosil bo'lishiga olib keladi va ko'plab odamlarga muammo tug'diradi. Bu haqda Masjidul Haromda xizmat qiluvchi xodimlardan bir bunday deydi:

"Keyingi yillarda ziyoratchilar orasida selfiga tushish odam tusiga kirib bormoqda. Bu albatta, kimlar uchundir ma'qul ishdir. Ammo yonidagi kishilar ozor bermagan holda suratga olsa zarari yo'q. Biroq bugun ayrim insonlar juma kunlari juma namozi paytida imomni tinglash o'rniga, ibodat qiluvchilarni suratga olishni yoki selfi qilishni afzal ko'radi. Ular bu harakati bilan o'zgalarning g'ashiga tegayotganini yoki ibodatlariga ozor berayotganini tushunmaydilar”.

Bu borada ziyoratchilarning o'zi nima deydi?:

 "Men Ka'bani ko'rish va umra amalini ado etishni uzoq yillar davomida kutdim", – dedi pokistonlik Abdul Rahmon Yasin. – Shuning uchun bu safarim abadiy yodimda qolishini istayman. Selfiga tushishimning sababi ham shu. Bu mening mobil' telefonimdagi eng yaxshi fotosurat bo'ladi."

Quvaytlik yana bir ziyoratchi Holid Al-Shimran: “Ka'baning ko'rinishi haqiqatan ham ajoyib va hayajonli. Men buni  do'stlarim va izdoshlarim bilan ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'rmoqchiman.”

Ziyoratchilarning selfiga tushishining sababi tushunarli, lekin har bir insonning qalbida qolishi kerak bo'lgan hayajonli daqiqalarning o'zi ular uchun etarli emasmi? Selfi baxt va quvonch tuyg'usini etkaza olmaydi, u faqat yuzdagi hissiyotni aks ettirishi mumkin, xolos. Makka kabi muqaddas joyda bebaho onlarni shu kabi ishlar  bilan o'tkazishga arziydimi? Yoki Ka'ba selfi olish uchun ko'ngilochar markazga o'xshaydimi? Yo selfi alohida dunyoga cho'mib, Allohga yaqinlashganingizda o'sha noyob daqiqani qayta tiklashga yordam beradimi? Bu harakatimiz bilan ibodatimizni riyoga almashtirib qo'ymayapmizmi?

E'tibor qaratsak, hayotimizning har bir sohasiga ijtimoiy tarmoqlarning kirib borishi,  eng nozik daqiqalarning yaratuvchisi – Alloh bilan yolg'iz qolishdek muborak ibodatimizni barchaga fosh etib, ibodatlarimizga ham ta'sir etmoqda.

Bugun haj va umra ibodatlarini bajarish paytida har qadamda telefonidan qo'rslik bilan suratga tushayotgan odamlarni ko'rasiz. Aftidan, agar ular suratga tushmasalar, hech kim ularga ishonmaydi.

Agar fotosuratlarimizdan birini tarmoqqa joylash biz uchun ibodat qilishdan ko'ra muhimroq bo'lsa, qanday qilib haj yo umra qilganimiz uchun mukofot olishimiz mumkin? Agar siz Facebookdagi Ka'ba fonida sizning suratingiz ostidagi "layklar" sonini doimiy ravishda tekshirib tursangiz, haj ruhini his qilish mumkinmi?

 Bir mulohaza qiling, biz ibodatning eng qizg'in lahzalarida fikru-xayolimiz faqat Alloh taologa qaratilgan bo'lsa, nega selfi olish orqali xushumizni yo'q qilishimiz kerak?!

Qisqasini aytganda,  har bir insonda tan olinish va qadrlanish istagi bor. Ammo bunga fotosuratlar yoki selfi orqali erishilmaydi. Chin mo'min uchun Yaratuvchining roziligi qiziqtiradi, o'zgalarning nechta layk bosgani emas.

Abdulla Muslimov

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

13.04.2026   5906   4 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

2026 yil 13 aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Largest museum of Islamic civilisation” — dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi bo‘yicha Gennesning Rekordlar kitobi rasmiy rekordi berildi.


Tantanali taqdirlash marosimida Gennesning Rekordlar kitobi tashkilotining rasmiy vakili — sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, Markaz barcha belgilangan xalqaro mezon va standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bu keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik strategik megaloyiha hisoblanadi. Mazkur Markaz “Yangi O‘zbekiston”ning o‘ziga xos platformasi sifatida ilm-fan salohiyati, boy madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda uyg‘unlashtirishga qaratilgan.


Loyiha davlat rahbarining mamlakatning yangi gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy o‘zlikni mustahkamlash va O‘zbekistonni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi.


Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan ilmiy-madaniy maskanlaridan biriga aylangan bo‘lib, har kuni o‘rtacha 5 000 nafarga yaqin tashrifchi qabul qilmoqda. Bu esa uning aholi va xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.


Markaz ilk kunlardanoq yangi turdagi ilmiy-madaniy va ma’rifiy majmua sifatida konsepsiya qilingan. Unda tarixiy meros va zamonaviy multimedia texnologiyalari uyg‘unlashgan holda taqdim etilgan. Ekspozitsiya “Sivilizatsiyalar, Shaxslar, Kashfiyotlar” tamoyili asosida tuzilgan bo‘lib, mintaqaning eng qadimgi davrlaridan tortib, ilm-fan yuksalishi va zamonaviy bosqichigacha bo‘lgan taraqqiyot izchil yoritib beriladi.


Markaz tuzilmasida Qur’oni karim zali alohida o‘rin tutadi. Unda Usmon Mus'hafi deb nomlanuvchi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri namoyish etilgan bo‘lib, u YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Bu noyob asar nafaqat islom sivilizatsiyasining beqiyos yodgorligi, balki ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtiruvchi muhim ma’naviy markaz sifatida ham katta ahamiyatga ega.


Markaz konsepsiyasining o‘ziga xosligi uni muzey, ilmiy tadqiqot infratuzilmasi va ta’lim muhitini birlashtirgan ilk namunaga aylantirib, jahon muzeychilik amaliyotida yangi bosqichni belgilamoqda.


Ushbu rekordga erishish ko‘p oylik tizimli ish natijasi bo‘lib, muzey parametrlarini tasdiqlash, to‘liq hujjatlar tayyorlash va mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘p bosqichli verifikatsiya jarayonlarini o‘z ichiga oldi.


Muzey kolleksiyasini shakllantirishda arxeologiya, numizmatika, to‘qimachilik va qo‘lyozmalar sohasidagi yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirok etdi. Bu esa ekspozitsiyaning yuqori ilmiy va muzey darajasini ta’minladi.


Gennesning Rekordlar kitobi unvonining berilishi nafaqat Markaz ko‘lamining e’tirofi, balki ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab olimlar, mutaxassislar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.


Sudya Sheyda Subasi Markaz faoliyatini yuqori baholab, quyidagilarni ta’kidladi:

-O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishning noyob namunasidir. Loyihaning ko‘lami, konseptual yaxlitligi va amalga oshirish darajasi Gennesning Rekordlar kitobi mezonlariga to‘liq javob beradi. Bu shunchaki eng yirik muzey emas — balki madaniyatlar muloqoti va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun zamonaviy platforma hisoblanadi.


Ushbu rekord O‘zbekistonning islom ilmi, madaniyati va ma’rifatining muhim tarixiy markazlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, mamlakatning sivilizatsiyalar muloqoti, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan zamonaviy xalqaro maydon sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.


Gennesning Rekordlar kitobi maqomini qo‘lga kiritish Markazning dunyodagi eng yirik shunday muzey sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, uni intellektual merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha yetakchi xalqaro platformalardan biriga aylantiradi.


Kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-madaniy maydon sifatida yanada rivojlanib, dunyoning turli mamlakatlaridan olim va mutaxassislarni birlashtiradi hamda “Yangi O‘zbekiston”ning gumanitar tashabbuslarini global miqyosda ilgari surishda muhim drayver bo‘lib xizmat qiladi.

t.me/islommarkazi

O'zbekiston yangiliklari