Al-Azhar al-Sharif majmuasi ikki davlatda yuz bergan vayronkor zilzila oqibatida insonlar qurbon bo'lgani va katta talofotlar ko'rilgani munosabati bilan Turkiya va Suriya xalqlariga hamdardlik bildirdi.
Islom olamida nufuzli majmua rahbari, doktor, shayx Ahmad at-Tayyib qurbonlarning oilalariga hamdard ekani, ularning his-tuyg'ularini tushunishini izhor qilib, Haq taolodan jabrlanganlarga rahmatini yog'dirishini, ularning oila a'zolariga sabr va tan jarohati olganlarga shifo berishini so'rab xayrli duolar qildi.
“Al-Azhar” rahbari Islom olami va butun dunyoni ofat va zilzilalardan asrashini, butun insoniyatga tinchlik va osoyishtalik ato etishini Yaratgan parvardigordan iltijo qilib so'rashini aytdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati