So'nggi yillarda Malayziya va O'zbekiston munosabatlari tobora mustahkamlanib, o'zaro aloqalar ko'lami kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqanda viloyati delegatsiyasining ushbu mamlakatga bo'lgan tashrifi ham ana shu hamkorlikni yanada yaxshilashga xizmat qildi.
Shu kunlarda Samarqand viloyati delegatsiyasi Malayziya davlatida xizmat safarida bo'lib, mamlakatimizning turizm salohiyatini yanada oshirish, "Samarqand" brendini keng targ'ib qilish, ziyorat turizmi masalalarini muhokama etish maqsadida Malayziyaning bir qator shtat ma'muriyati rahbarlari bilan muloqotlar o'tkazmoqda. Shuningdek, diniy soha va oliy ta'lim muassasalari mas'ullari bilan tajriba almashib, o'zaro aloqalarni rivojlantirish bo'yicha kelishuvlarga erishilmoqda.
Hususan, tashrif davomida Zayniddin domla Eshonqulov hamda Hadis ilmi oliy maktabi rektori Olimxon domla Yusupovlar Malayziyaning Perlis shtatiga tashrif buyurib, ushbu viloyat diniy idorasi xodimlari va imom-xatiblari bilan uchrashdilar.
O'zaro muloqotda ta'lim muassasalari faoliyati va diniy soha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so'z yuritildi. Jumladan, Malayziya tomoni O'zbekistonda barcha sohalarda bo'layotgan yangilanishlarni ijobiy baholab, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish manfaatli bo'lishini qayd etishdi. Shuningdek, ziyorat turizmi masalalari ham alohida muhokama etildi.




O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV