Kuni kecha Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 2023 yilning 23 apreliga qadar davom etadigan birinchi Islom san'ati biyennalesining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Biyennaleda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan O'zbekistonning boy Islom madaniyatini xalqaro jamoatchilikka keng yoritib beruvchi qadimiy o'lka turmush tarzi va gazlama matolari jilosini o'zida mujassam etgan 17 ta noyob muzey ashyolari taqdim etilmoqda. Bu haqda jamg'arma matbuot xizmati ma'lum qilgan.
Ko'rgazma VIII asrga oid muborak Katta Langar Qur'oni, X-XII asrlarga taalluqli Samarqand va Afrosiyob sopol ko'za va kosalari, mashhur muhaddis Imom Buxoriyning XVII asrga mansub «Sahihul Buxoriy» kitobi nusxasi, Buxorocha erkaklar to'nlari va poyabzallar hamda boshqa buyumlardan iborat.
Islom san'ati biyennalesi Diriya biyennale jamg'armasi tomonidan Saudiya Arabistoni Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.









O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati