Ba'zi shaxs va jamoalar o'zlaridan islom etakchilari yasab olishadi. Ular o'z mabda'larini, fikrlarini, rejalarini va strategiyalarini tuzib olib so'ngra Qur'oni karimdan o'sha mabda'larini qo'llab quvvatlaydigan hujjat qidirishadi. Ular o'zlarini islom etakchilari deb hisoblashadi, dinga ergashuvchilar emas.
Aynan ana shu ish Allohga qarshi borishdir. Islomni soxtalashtirishdir. Ana shu kasofatlar sabab maydonda "mo''tadil islom", "radikal islom", "siyosiy islom", "islom ekstremizmi", "islom terrorizmi" kabi atamalar paydo bo'ldi.
Aslida islom bitta. Uni Qur'oni karim va sunnati nabaviyya ifoda etadi. Ana shu asl islomni ifoda etadigan Qur'oni karimni va sunnati nabaviyyani faqatgina pokizalar fahmlashi mumkin. Ya'ni, havoyi nafsidan pokizalar, shaxsiy g'arazlardan pokizalar...
Alloma Abul Hasan Nadviy rahimahulloh o'zining kitobi muqaddimasida aytadi:
"Bu kitobni yozishdan maqsadim bir g'oyaga asos solib so'ngra tarixni o'sha g'oyaga bo'ysundirish emas. Tarixni xolis (beg'araz) o'rganishdir".
Biz o'z qarashlarimizga dindan hujjat-dalil qidirishimiz kerak emas, balki qarashlarimizni dinga moslashtirishimiz lozim. Zero dinni biz emas, aksincha din bizni boshqaradi!
Manbalar asosida tayorlandi
Fazliddin Salimov
Shu yilning 25 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Buyuk Britaniyaning “Woolf Institute” ijrochi direktori Ester-Miriam Vagner boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov qabul qildi.
Samimiy muloqot davomida yurtimizning Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy o‘rni, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiya vakillari faoliyat yuritayotgani xalqimizga xos azaliy bag‘rikenglikning tabiiy ifodasi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, xorijlik olimlarga yurtimizda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, 10 ta madrasa, 4 ta oliygoh va yirik ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi bosh maqsadi Uchinchi Renessans poydevorini yaratib, yangi avlod mutafakkirlarini yetishtirish ekani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistondagi tinch-totuvlik muhitini yuqori baholagan delegatsiya a’zolari tomonidan yozilgan noyob kitobni idoraga tuhfa qildilar. O‘z navbatida, mehmonlarga ham esdalik hadyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati