Ba'zi shaxs va jamoalar o'zlaridan islom etakchilari yasab olishadi. Ular o'z mabda'larini, fikrlarini, rejalarini va strategiyalarini tuzib olib so'ngra Qur'oni karimdan o'sha mabda'larini qo'llab quvvatlaydigan hujjat qidirishadi. Ular o'zlarini islom etakchilari deb hisoblashadi, dinga ergashuvchilar emas.
Aynan ana shu ish Allohga qarshi borishdir. Islomni soxtalashtirishdir. Ana shu kasofatlar sabab maydonda "mo''tadil islom", "radikal islom", "siyosiy islom", "islom ekstremizmi", "islom terrorizmi" kabi atamalar paydo bo'ldi.
Aslida islom bitta. Uni Qur'oni karim va sunnati nabaviyya ifoda etadi. Ana shu asl islomni ifoda etadigan Qur'oni karimni va sunnati nabaviyyani faqatgina pokizalar fahmlashi mumkin. Ya'ni, havoyi nafsidan pokizalar, shaxsiy g'arazlardan pokizalar...
Alloma Abul Hasan Nadviy rahimahulloh o'zining kitobi muqaddimasida aytadi:
"Bu kitobni yozishdan maqsadim bir g'oyaga asos solib so'ngra tarixni o'sha g'oyaga bo'ysundirish emas. Tarixni xolis (beg'araz) o'rganishdir".
Biz o'z qarashlarimizga dindan hujjat-dalil qidirishimiz kerak emas, balki qarashlarimizni dinga moslashtirishimiz lozim. Zero dinni biz emas, aksincha din bizni boshqaradi!
Manbalar asosida tayorlandi
Fazliddin Salimov
Bugun Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan “Til – millat ko‘zgusi” deb nomlangan ma’rifiy-ma’naviy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda muassasa ma’muriyati, ustozlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi – ona tilimizning boy va jozibador tarixini yoritish, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirish, yoshlarda milliy o‘zlikni anglash hamda ona tiliga bo‘lgan hurmat va muhabbat tuyg‘usini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida Urganch davlat universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Yuldashev Zafarbek ma’ruza bilan so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida o‘zbek tilining shakllanish tarixi, uning sarchashmalari hamda buyuk mutafakkirlarimiz – Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab allomalarning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Ona tili – har bir millatning ruhi, g‘ururi va ma’naviy poydevoridir. Tilni asrab-avaylash, uning sofligi va boyligini kelajak avlodga yetkazish – har birimizning burchimizdir,” – deb ta’kidladi Z.Yuldashev.
Shuningdek, ma’ruzachi bugungi globallashuv davrida davlat tilining ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy sohaga joriy etilishi, uning nufuzini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ham atroflicha fikr yuritdi.
Imom Faxriddin ar-Roziy islom ta’lim muassasasi matbuot xizmati