Abu-Dabi, Dubay, Sharja va Ajman dunyodagi eng xavfsiz 10 ta shahar qatoriga kirdi. Ular ichida BAA poytaxti birinchi o'rinni egalladi. Mazkur reyting hayot tarzi va sifati bo'yicha dunyodagi eng yirik ma'lumotlar bazasi bo'lgan Numbeo onlayn platformasi tomonidan tuzildi. “Rossiya amirliklari” resursiga ko'ra, to'rtinchi o'rinni Ajman egallagan, Sharja va Dubay mos ravishda beshinchi va ettinchi o'rinlarda joylashgan. Reyting mamlakatning barqarorlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan yuksak mavqeidan dalolat beradi.
2022 yilning yozida Fujayra dunyodagi eng xavfsiz shahar deb topilgan edi - Numbeo reytingida u ushbu ko'rsatkich bo'yicha 465 megapolisni ortda qoldirdi. Jumladan, Fujayrada ham, avtomagistrallarda jinoyatchilik va baxtciz hodisalarning eng past darajasi qayd etilgan.
Abu-Dabi 2021-yilda eng xavfsiz shahar deb topilgan edi. 2022 yil iyun' oyida Dubay xavfsiz oilaviy dam olish bo'yicha dunyoda 7-o'rinni egalladi. Tadqiqot va reytingda umumiy xavfsizlik, oilaviy qulayliklar va boshqalar kabi ko'rsatkichlar baholandi.
2022-yil fevral' oyida Dubay yolg'iz sayohat qilgan ayollar xavfsizligi bo'yicha dunyoning eng yuqori reytinglaridan biriga aylandi. 2022 yil boshida Numbeo xizmati Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarni 2022 yilda sayohat qilish uchun eng xavfsiz davlatlar deb tan oldi. Reytingda 86,2 ball bilan Qatar etakchilik qilgan bo'lsa, Birlashgan Arab Amirliklari 84,8 ball bilan ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi.
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati