Madina hokimligi payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam vasallam tamal toshini qo'ygan ilk ibodatgoh – Qubo masjidini kengaytirishning birinchi bosqichi boshlanganini e'lon qildi.
Loyihani amalga oshirish uchun Madinada Qubo masjidining hozirgi binosi yaqinida joylashgan 200 ta ko'chmas mulk ob'ektlari buziladi, deb xabar beradi Saudi Gazette nashri.
Masjidning kengayishi natijasida uning umumiy maydoni 10 barobar oshiriladi va 66 000 namozxonni sig'dira oladi. Bu loyihaga ko'ra, Qubo masjidi sig'imiga ko'ra Makkadagi Masjidul Harom va Madinadagi Masjidun Nabaviydan keyin uchinchi yirik masjidga aylanadi.
Qubo masjidi Islom tarixida Madinada qurilgan birinchi masjiddir. U 622 yilda qurilgan va Masjidun Nabaviydan 5 km uzoqlikda joylashgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati