O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahar Uchtepa tumani "Fayzulloxo'ja o'g'li Murodhoji" jome masjidi imom-xatibi Dilshod domla Qo'chqorovning padari buzrukvorlari vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Dilshod domla Qo'chqorovga, u kishining oila a'zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, 6 dekabr' kuni soat 13:30 da Farg'ona viloyati Beshariq tumani Dehqonto'da qishlog'idagi Dilshod domlani uyida o'qiladi.
"Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun".
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.
"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.
Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.
"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati