Maqolalarda buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotgani, xususan Movarounnahr hududidan chiqqan buyuk muhaddis allomalarning hadis ilmi borasidagi boy ilmiy-ma'naviy tajribasi islom tsivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo'shgani e'tirof etilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Cairo 24.com elektron nashrida “Ilk marotaba... Sahihi Buxoriyning o'zbek tiliga tarjimasi” nomi ostida chop etilgan maqola “Islom tarixi buyuk alloma va mutafakkirlarga boy. Islom kutubxonasini turli ilmlar bilan boyitgan olimlarning aksariyatini Osiyo qit'asining daryodan narigi tomonidagi mamlakatlaridan topamiz. Bugungi kunda O'zbekiston davlati o'z mamlakatida jahon tsivilizatsiyasi va ilmiy taraqqiyoti hamda islom ilmlari rivojiga hissa qo'shgan muhaddislar, tarjimonlar, ilohiyotshunos va huquqshunoslar hayoti va qoldirgan merosini ilmiy tadqiq etish yo'li bilan o'rganishga kirishgan”, degan so'zlar bilan boshlangan.

Maqolada “Sahihi Buxoriy” asariga o'zbek tilida berilgan sharhning xususiyatli jihatlariga keng o'rin berilgan. elbalad.news saytidagi “Qur'ondan keyingi eng muqaddas kitob: “Sahih al-Buxoriy”ning o'zbek tiliga ilk bor tarjimasi” nomli maqolada ushbu ko'p jildli sharh dunyo ulamolari bilan hamnafas bo'lish, o'zbek xalqining “Sahih al-Buxoriy” tadqiqiga hissasi borligini isbotlash maqsadida yaratilgani ta'kidlangan. “Al-Azhar ovozi” gazetasi e'lon qilgan “Yangi nashr. “Sahih al-Buxoriy”ning o'zbek tilida batafsil izohi” nomli maqolada o'zbek tilida taqdim qilingan mazkur nashr hadis ilmi borasidagi bilimlarni yanada mustahkamlash hamda Imom Buxoriyning boy ma'naviy merosini to'laroq anglashga asos bo'lib xizmat qilishiga urg'u berilgan.
Maqolalarning barchasida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov hamda Markaz direktori o'rinbosari Otabek Muhammadiyevning yangi nashr yuzasidan bildirgan fikrlaridan iqtiboslar keltirilgan. elbalad.news sayti hamda Cairo 24.com elektron nashri ta'biri bilan aytganda “Kitob nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyo xalqlari uchun qimmatli ma'naviy meros sifatida baholanishiga ishonamiz”.
G'.HASANOV, O'zA
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati