Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman, lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman. Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman, ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman”, dedilar (Imom Ahmad, Bazzor, Hokim rivoyati).
Boylik ham, faqirlik ham Alloh taoloning taqdiri bo'lib, barcha insonlar bu ikkisidan biri bilan sinovdan o'tadi. Alloh taolo bemorning sabrini, boyning shukrini sinaydi.
“Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman” – chunki biror bandaga faqirlik etsa bu – Allohning irodasi, sinovidir. Faqir odamning etgan sinovga sabr qilishdan boshqa iloji yo'q. Ko'ngilxushlik, maishatparastlik kabilarga esa “qo'li kaltalik” qiladi. Imkon qadar ko'proq ibodatlar bilan mashg'ul bo'lishga intiladi.
“lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman” – ammo boylik va mol-dunyoning ko'payishi og'ir sinovdir. Boyligi ko'paygan banda kambag'allik vaqtida qilmagan gunoh-ma'siyatlarga qo'l uradi, Robbiga itoatsizlik qilib, ibodatlarni tark eta boshlaydi.
Bugungi kunda qancha insonlar mol-dunyosini ko'paytirish ortidan quvib, jinoyatning har qanday ko'rinishini sodir etmoqda. Hatto, boylik uchun o'z ota-onasi va yaqinlaridan voz kechmoqda. Qavm-qarindosh bir-biriga dushmanga aylanmoqda. Bejizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining boylik to'plashga ruju qo'yishidan xavfsiramagan ekanlar. Bu ham payg'ambarlik mo''jizalaridan biridir.
“Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman” – Mo'min banda imkon qadar Allohning buyruqlarini bajarishga harakat qiladi. Bu borada qancha to'siqlarni engib o'tadi, qiyinchiliklarga bardosh beradi. Ammo banda farishta emas, ba'zi vaqtlarda bilmasdan xato qiladi yoki ayrim narsalarni unutib qo'yadi. Lekin tezda tavba qiladi, Robbiga duo qiladi: “Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir, xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
“ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman” – bilib turib qilingan gunohning azobi juda qattiq bo'ladi. Banda bilmay qilgan gunohini Alloh kechirishi mumkin, faqat O'ziga havola. Ammo gunohga jur'atli bo'lish, qasddan qilish gunohning o'zidan ko'ra ulkan va og'irroq gunohdir. Eng muhimi – banda gunohni bilib yoki bilmay qilsa ham, kimga osiylik qilayotganini unutmasligi lozim!
Davron NURMUHAMMAD
Toshkent islom instituti qoshida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi 67-davra tinglovchilari bilan o‘quv oldi suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda kurs bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov hamda bo‘lim xodimlari Nurillo Saydullayev va Imron Xolmirzayev ishtirok etdi. Suhbat davomida kursning mazmun-mohiyati, ahamiyati va o‘quv jarayonini tashkil etish masalalari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, tinglovchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun:
- Qabul: har shanba kuni, soat 09:00–17:00;
- To‘lov: 3 oylik kurs uchun 1 648 000 so‘m;
- Ro‘yxatdan o‘tgan tinglovchilar navbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Manzil:
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy.
https://goo.gl/maps/Ng8xP1yVfJwJvB3e7
Bog‘lanish uchun:
71-227-23-47
Alloh taolo barchamizga Qur’oni karimni to‘g‘ri va chiroyli o‘qishni, uning hikmatlaridan bahramand bo‘lishni nasib etsin!
Oliymahad.uz