Qiyomatning alomatlari – qiyomatning haq ekani hamda yaqinligiga dalolat qiluvchi voqea-hodisalardir. Ular turli ko'rinishda bo'lib, uchga: kichik, o'rta va katta qiyomatga bo'linadi.
Har bir insonning o'limi bu – kichik qiyomat. Chunki vafot etgan odam uchun qiyomat boshlangan bo'ladi.
O'rta qiyomat esa bu – bir avlod odamlarining o'limi. Buni Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan quyidagi hadis tasdiqlaydi: “Ba'zi a'robiylar qo'rs bo'lardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qiyomat qachon bo'ladi?” deb so'rashardi. U zot alayhissalom ularning eng kichigiga qarab: “Agar mana bu yashasa unga qarilik etmay turib, qiyomatingiz qoyim bo'ladi”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). (Roviy) Hishom: “Ya'ni o'limingiz”, degan.
Yuqorida ta'kidlanganidek, har bir kishining o'limi uning “qiyomati”dir. Bu erda ana shu ma'no nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, yoshi katta odamlar birin-ketin bu dunyoni tark etadi. Bunga hayotda ko'p bora guvoh bo'lamiz.
Katta qiyomat bu – butun insoniyatning hisob-kitob uchun qabrdan qayta tirilishi. Bu kun haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Odamlar Sizdan qiyomat (qachon bo'lishi) haqida so'raydilar. “U haqdagi ma'lumot faqat Allohning huzuridadir”, deb ayting! Qayerdan bilursiz, ehtimol, qiyomat yaqinda bo'lar»(Ahzob surasi, 63-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalomdan mushriklar qiyomatning qachon qoyim bo'lishi haqida masxara yuzasidan so'rasalar, yahudiylar sinash uchun so'rar edilar. Zero, Tavrotda ham qiyomatning aniq vaqti yozilmagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kabi savollarga Allohning amrisiz javob qaytarmas edilar. Qolaversa, Alloh taolo qiyomat kuni qachon bo'lishini hatto, o'z payg'ambarlaridan ham sir tutgani ushbu oyatdan ma'lum bo'ladi.
Alloh taolo katta qiyomat haqida bunday marhamat qiladi: “Qachonki, qiyomat voqe (qoyim) bo'lganda uning voqe bo'lishining yolg'oni yo'qdir (u odamlarni) ostin-ustun etuvchidir. Yer larzaga kelgan, tog'lar titilib (to'zib), to'zonga aylangan (bo'lur). Sizlar esa uch toifa bo'lursiz”(Voqea surasi, 1-7-oyatlar).
Boshqa surada esa, kichik qiyomat ya'ni o'lim haqida zikr qilinadi: “Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga etganida (jon berish paytida), holbuki, o'sha vaqtda sizlar (qo'lingizdan hech ish kelmay) qarab turursiz. Biz unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassiz” (Voqea surasi, 83-85-oyatlar).
Demak, qiyomat kuni haq va u bir kun, albatta, keladi. Biz esa hech bo'lmaganda kichik qiyomat, ya'ni o'lim bilan yuzma-yuz kelamiz. Shunday ekan, bizdan talab etiladigani ana shu kunga tayyorgarlik ko'rishdir.
Alloh taolo hidoyatida bardavom qilib, solih amallarni ko'paytirishimizga tavfiq ato etsin!
Manbalar asosida
Bahriddin HUShBOQOV
tarjimasi.
O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.
"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.
Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.
"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati