O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda Farhan Nizomiy O'zbekiston boy ma'naviy, madaniy va ilmiy merosga ega ekanini, o'zbek zaminining buyuk alloma va mutafakkirlari islom tsivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo'shganini ta'kidladi. Shu munosabat bilan O'zbekistonning ixtisoslashgan muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish Oksford islom tadqiqotlari markazi faoliyatining ustuvor yo'nalishi ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, O'zbekistondagi o'zgarishlar, mamlakatimizning xalqaro maydonda, shu jumladan islom olamidagi nufuzini oshirish bo'yicha islohotlar yuksak baholandi.
Tomonlar qo'shma ilmiy seminarlar tashkil etish, O'zbekiston ilmiy markazlaridan tadqiqotchilarni Oksford islom tadqiqotlari markaziga amaliyot o'tash uchun yuborish, nodir qo'lyozmalarning faksimil nusxalarini olish va boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Indoneziya va Malayziya kabi Osiyo mamlakatlarida o'z samarasini isbotlagan islomiy moliya vositalarini ilgari surish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Oksford markazida «O'zbekiston kunlari» tadbirini o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi 1985 yilda islom va musulmon dunyosi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Markazda o'zbekistonlik tadqiqotchilar Imom Al-Buxoriy va Imom At-Termiziy nomidagi maxsus yaratilgan stipendiya dasturlari doirasida muntazam amaliyot o'tashadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Turkiya safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor, doktor Safiy Arpagush o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishi yuksak saviyada va muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etdilar.
Muftiy hazratlari ikki qardosh mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlik munosabatlari tobora kengayib, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shuningdek, mazkur nufuzli anjuman musulmon ummati oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lgani, unda qabul qilingan bayonot va tavsiyalar barcha musulmon xalqlari uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, professor, doktor Safiy Arpagush O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun katta minnatdorlik izhor etdi.
Ushbu maslahat yig‘ilishi ummat birligini mustahkamlash va zamonaviy muammolarga jamoaviy ijtihod asosida mo‘tadil yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, hamkorlikda fatvolar ishlab chiqishni rivojlantirish, ularda ijtimoiy voqelikni hisobga olish, axborot asridagi fatvo tarqoqligining oldini olish maqsadida raqamli maydonda rasmiy fatvolarni keng yoyish hamda sun’iy intellektdan faqat tadqiqot vositasi sifatida foydalanib, uni fatvo berish manbaiga aylantirmaslik zarurligini alohida bayon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati