O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda Farhan Nizomiy O'zbekiston boy ma'naviy, madaniy va ilmiy merosga ega ekanini, o'zbek zaminining buyuk alloma va mutafakkirlari islom tsivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo'shganini ta'kidladi. Shu munosabat bilan O'zbekistonning ixtisoslashgan muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish Oksford islom tadqiqotlari markazi faoliyatining ustuvor yo'nalishi ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, O'zbekistondagi o'zgarishlar, mamlakatimizning xalqaro maydonda, shu jumladan islom olamidagi nufuzini oshirish bo'yicha islohotlar yuksak baholandi.
Tomonlar qo'shma ilmiy seminarlar tashkil etish, O'zbekiston ilmiy markazlaridan tadqiqotchilarni Oksford islom tadqiqotlari markaziga amaliyot o'tash uchun yuborish, nodir qo'lyozmalarning faksimil nusxalarini olish va boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Indoneziya va Malayziya kabi Osiyo mamlakatlarida o'z samarasini isbotlagan islomiy moliya vositalarini ilgari surish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Oksford markazida «O'zbekiston kunlari» tadbirini o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi 1985 yilda islom va musulmon dunyosi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Markazda o'zbekistonlik tadqiqotchilar Imom Al-Buxoriy va Imom At-Termiziy nomidagi maxsus yaratilgan stipendiya dasturlari doirasida muntazam amaliyot o'tashadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Abu Homid G‘azzoliy aytadilar: "Agar Alloh seni mol-dunyodan qisganini, ustingda balo va musibatlarni ko‘paytirganini ko‘rsang, bilginki, sen Uning huzurida azizsan. Uning huzurida darajang bor, seni avliyo va asfiyolari yo‘lida yurg‘izib qo‘ygandir. U seni ko‘rib turgan.
Alloh taoloning: "Robbingning hukmiga sabr qil, albatta sen ko‘z o‘ngimizdasan. Va qoyim bo‘lgan paytingda Robbingni hamdi bilan poklagin", deganini eshitmaganmisan?"