O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda Farhan Nizomiy O'zbekiston boy ma'naviy, madaniy va ilmiy merosga ega ekanini, o'zbek zaminining buyuk alloma va mutafakkirlari islom tsivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo'shganini ta'kidladi. Shu munosabat bilan O'zbekistonning ixtisoslashgan muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish Oksford islom tadqiqotlari markazi faoliyatining ustuvor yo'nalishi ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, O'zbekistondagi o'zgarishlar, mamlakatimizning xalqaro maydonda, shu jumladan islom olamidagi nufuzini oshirish bo'yicha islohotlar yuksak baholandi.
Tomonlar qo'shma ilmiy seminarlar tashkil etish, O'zbekiston ilmiy markazlaridan tadqiqotchilarni Oksford islom tadqiqotlari markaziga amaliyot o'tash uchun yuborish, nodir qo'lyozmalarning faksimil nusxalarini olish va boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Indoneziya va Malayziya kabi Osiyo mamlakatlarida o'z samarasini isbotlagan islomiy moliya vositalarini ilgari surish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Oksford markazida «O'zbekiston kunlari» tadbirini o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi 1985 yilda islom va musulmon dunyosi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Markazda o'zbekistonlik tadqiqotchilar Imom Al-Buxoriy va Imom At-Termiziy nomidagi maxsus yaratilgan stipendiya dasturlari doirasida muntazam amaliyot o'tashadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalarini jismonan sog‘lom, axloqiy barkamol etib tarbiyalash hamda ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy “Barkamol avlod” sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan bugun, 13 aprel kuni "Imom Termiziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida mazkur sport o‘yinlarining hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Talabalar sportning milliy kurash, tosh ko‘tarish, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, eng mahoratli sportchilar aniqlab olindi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, milliy kurash yo‘nalishida Yaqub Abdug‘afforov (201-guruh), tosh ko‘tarishda Islomjon Mirzaliyev (202-guruh), stol tennisi bo‘yicha Sirotulloh Rahmatullayev (402-guruh) hamda shaxmat bahslarida Feruz Choriyev (402-guruh) birinchi o‘rinni egallab, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.
Saralash mezonlariga to‘liq javob bergan ushbu talabalar joriy yilning 23-24 aprel kunlari Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod – 2026” musobaqasining Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
“Imom Termiziy” madrasasi
Matbuot xizmati