Ta'kidlanishicha, Ismoil Somoniy maqbarasining “Digital Twin”, 3D-texnologiyalari va geografik ma'lumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini (egizagini) yaratish va “Google maps” tizimiga biriktirish ishlari Koreya Respublikasi axborot texnologiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSh dollari bo'lgan grand loyihasi asosida amalga oshiriladi.
"Sharqning me'moriy durdonasi" nomi bilan mashhur maqbaraning intereri uch pog'onali, to'rtlik – to'rt qavat devor, sakkizlik – devordan tomga o'tish qismi va tom ko'rinishidagi gumbazdan iborat bo'lib, bir xonali kvadrat shaklida qurilgan. Maqbaraning dizayni jimjima g'ishtin bezaklari chiviqli to'siq yoki qamish, bo'yra to'qimasini eslatadi. Usti gumbaz bilan qoplangan.
To'rtta burchagi ustunsimon shaklda ishlangan va gumbazi atrofiga 4 ta qubba o'rnatilgan. Biroq qurilishida oddiygina pishgan g'isht, tosh va yog'ochdan foydalanilgan maqbaraning kechalari o'zidan nur taratib turishi butun dunyoni hayratga solgan va qiziqishiga sabab bo'lgan.
Maqbaraning «egizagi»ni yaratish maqsadida Buxoroga Janubiy Koreyaning “New Layer Co., Ltd”, “EGIS Co., Ltd”, “J-TOD Co.,Ltd”kompaniyalari va «LH» korporatsiyasi vakillari Lee Kwang Se, Kang Seokchan, Park Choondong, Dongho Lee, Lim Seong Ha, Kim Jeungsoo, Jung Inhelardan iborat delegatsiya vakillari kelishdi hamda loyihaning maqsad va mazmuni bilan mutaxassislarni yaqindan tanishtirishdi.
O'z o'rnida viloyat mas'ullari tomonidan maqbaraning raqamli nusxasi yaratiladigan ob'ektlarda tungi yoritish tizimini ham yo'lga qo'yish takliflari bildirildi.
Hozirgi kunda atrofi bog'ga aylantirilgan inshoot so'nggi yillarda shaharsozlik, madaniy meros, arxeologiya sohalarida keng qo'llanilayotgan “Digital Twin”, “D-Twin” (raqamli egizak) texnologiyasi yordamida maqbaraning «egizagi» modellashtiriladi hamda u 3D-platformasida o'z ko'rinishini yanada jozibali namoyon eta boshlaydi.
Mutaxassislarning aytishicha, mazkur loyiha amalga oshirilgandan so'ng, erishilgan tajriba asosida Hiva, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Horazm viloyatidagi qal'alar, arxeologik topilmalarning ham 3D nusxalari yaratila boshlanadi.
Fayzullo Yahyoev, O'zA
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati