Shu yilning 27 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasida mamlakatimizdagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan bir guruh imom-domlalarga Qur’oni karim qiroati bo‘yicha “Ijoza” berish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Ijoza” arabcha so‘z bo‘lib, “ruxsat berish” ma’nosini anglatadi. Ya’ni, Qur’oni karim ustozining o‘z shogirdiga Qur’oni karimni o‘qish uchun izn berishidir.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi mudiri, o‘n xil qiroat sohibi Shayx Alijon qori Fayzulla Mahdum o‘g‘li tomonidan imom-xatiblar qiroatini tajvid qoidalariga mos bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli mashg‘ulotlar olib borildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati