Shu yilning 27 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasida mamlakatimizdagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan bir guruh imom-domlalarga Qur’oni karim qiroati bo‘yicha “Ijoza” berish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Ijoza” arabcha so‘z bo‘lib, “ruxsat berish” ma’nosini anglatadi. Ya’ni, Qur’oni karim ustozining o‘z shogirdiga Qur’oni karimni o‘qish uchun izn berishidir.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi mudiri, o‘n xil qiroat sohibi Shayx Alijon qori Fayzulla Mahdum o‘g‘li tomonidan imom-xatiblar qiroatini tajvid qoidalariga mos bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli mashg‘ulotlar olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati