Zamonaviy metodlarni o'z ichiga olgan video tayyorlandi. Pirotexnika vositalarining moddiy va ma'naviy zararlari, uning salomatlikka salbiy ta'siri, Islom dinida insonni qo'rqitish, ziyon etkazish qattiq qoralanishi, shunday buyumlarni qonunga xilof tarzda ishlab chiqarish, sotish va tarqatish hamda ulardan foydalanish javobgarlikka sabab bo'lishiga oid ma'lumotlar ifoda qilingan. Shuningdek, tarbiya ishiga mutasaddi bo'lganlar va ota-onalarga muhim tavsiyalar bayon etilgan. Sizlardan ushbu videoni keng tarqatish orqali noxush voqea-hodisalarning oldini olishga chaqiramiz.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati