Bugun, 19 oktyabr' kuni Boku shahrida bo'lib o'tayotgan Turkiy davlatlar muftiylarining III-yig'ilishi boshlanishi avvalida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Mongoliya muftiysi Botir Hazrat va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bag'dod Amreev Ozarbayjonda 1990 yil yanvar' oyi fojiasi qurbonlarini yod etdilar.
Turkiy davlatlar muftiylari ushbu shahidlarning ruhi pokiga Qur'oni karim oyatlarini tilovat qilib, duolar qildilar.






Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati