Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Mavzu' hadislar: hadis to'qish past va yaramas ishdir!

17.10.2022   4675   10 min.
Mavzu' hadislar: hadis to'qish past va yaramas ishdir!

Mavzu' arabcha (الموضوع) shaklida bo'lib, lug'atda – qo'yilgan, to'qilgan, darajasi past bo'lgan  ma'nolarini anglatadi.

Istelohda esa, to'qilgan yolg'on bo'lib, sun'iy ravishda keltirilgan va Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbat berilgan xabardir. Bunday narsaning “mavzu'” deb nomlanishining sababi shuki, kim shu ishni qilsa, martabasi albatta pasayadi. Bu narsaning o'zi ham past narsa, yaramas narsa hisoblanadi[1].

Mavzu' hadisning “mavzu'” so'zi ortidan “hadis” so'zini ham qo'shib “mavzu' hadis”, deb aytish haqida ulamolardan turli fikrlar kelgan.

Jumladan, Ibn Siloh to'qima hadis zaif hadislarning eng yomonrog'idir, degan fikrni aytadi. Hofiz Ibn Hajar aytishicha, Hattobiyning fikri ham shunday bo'lgan.

Imom Hattobiy yana shunday deydi: Ahli hadislar nazdida hadis uch turga bo'linadi: sahih hadis, hasan hadis, saqim (illatli, zaif) hadis. So'zining davomida sahih, hasan hadisni ta'riflab bo'lganidan so'ng zaif hadis haqida shunday deydi: “Zaif hadisning tabaqasi ko'p, eng past tabaqasi mavzu' so'ngra maqlub va hokazo” [2].

Hofiz Ibn Hajar mavzu' hadis haqida shunday deydi: “Mavzu'ni hadis deb atashni ma'qullamayman, chunki u hadisi nabaviydan emas, mavzu'ni zaif hadislarning yomonrog'i deyishlik, uni hadislar qatorida hisoblashni ifodalamaydi”.

Doktor Mohir Mansur Abdurazzoq shunday deydi: Haqiqatdan ham, mavzu'ni hadis deb atash to'g'ri emas, ammo ko'pchilik ulamolarning uni hadis deb nomlashlariga quyida uch sababni keltiramiz:

  1. Hadis deyishlik bilan uning lug'aviy ma'nosi nazarda tutiladi.
  2. Mavzu' hadis to'quvchilarning nazdidagi e'tibor bilan shunday deyiladi.
  3. Mavzu'ni tanib, ajratishda hadisga, uning usullariga[3] murojaat qilinganligi sababi shunday deyiladi[4].

Demak, mavzu' zaif hadis bo'lishi uchun Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam o'zlari aytgan hadis bo'lishi kerak. Vaholanki, mavzu' hadis roviylar silsilasi ichidagi kishilardan bo'lmagan mutlaqo boshqa shaxslar tarafidan to'qilgan hisoblanadi. Shuning uchun mavzu' hadislarni hadisning alohida bir turi sifatida o'rganilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.

Ma'lumki, sahobalar o'z jonlari-yu mollarini din uchun, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchun fido qilgan zotlar bo'lishgan. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislariga bevosita shohid bo'lganlarki, ularning hadis to'qishi ehtimoldan yiroq ishdir. Chunki, Islom tarixidan bilamizki, sahobalar har bir xato, nojo'ya ishlarga, yolg'onga jim qarab turmaganlar, balki bu kabi holatlarga juda qattiq turganlar.

Ammo, tobe'inlar davrida ilk siyosiy ixtiloflar vujudga kelishi bazi mavzu' hadislarning paydo bo'lishiga sabab bo'la boshladi. Lekin, bu davrda adolatpesha sahobalarning hayotliklari bu harakatlarning keng tus olishiga to'sqinlik qilgan.

Tobe'inlardan keyingi davrda Islom dinining turli xalqlar orasida keng tarqalishi, siyosiy ixtiloflarning keng tus olishi, haqiqiy diniy ilmlardan uzoqlashish turli sohalarda mavzu' hadislarning ko'payishiga olib keldi[5].

Mavzu' hadislar to'qilishining asosiy sabablari quyidagicha:

  1. Siyosiy ixtiloflar: Sahobalar va tobe'inlar davrida yuz bergan fitnalar turli xil siyosiy va diniy oqimlar uchun qo'l kelgan. Tarixdan ma'lumki, bu ixtiloflar Usmon ibn Affon raziyallohu anhu o'ldirilishlari va Ali raziyallohu anhuning xalifalikni qo'lga olishlaridan so'ng boshlangan. Musulmonlar turli toifa va guruhlarga ajralib ketdi. Ko'pchilik musulmonlar Ali tomonida turib, Muoviya raziyallohu anhuga muxolif bo'ladilar.

Bazi olimlar mavzu' hadislar hijriy 41yiliga, ya'ni Ali raziyallohu anhuning xalifalik davriga to'g'ri keladi degan fikrni olg'a surganlar. Shialar o'z da'vosini qo'llab quvvatlash uchun quyidagi mavzu' hadislarni to'qib chiqardilar: “Mening o'rinbosarim, mening sirdoshim, ahli baytimdan mening xalifam, mendan keyin xalifalikka eng loyiq odam Alidir”, “Har bir Payg'ambarning vasiyatchisi va vorisi bo'lgani kabi mening ham vasiyatchim va vorisim Ali ibn Abu Tolibdir”, “Kim Alini insonlarning eng yaxshisi demasa, kofir bo'ladi”, “Aliga nazar tashlash ibodatdir” [6]

Shuningdek, shialar Abu Bakr, Umar, Muoviya raziyallohu anhu va umaviylarni kamsitadigan hadislarni to'qiganlar. Ayni paytda bir qism musulmonlar xorijiylar nomi ostida alohida siyosiy firqani tashkil qildilar. Biroq, bu siyosiy ixtiloflar diniy tus oldi va islomda turli noto'g'ri diniy oqimlarning vujudga kelishiga ulkan ta'sir ko'rsatdi. Chunki, har bir guruh o'z mavqe'sini Qur'on va Sunnat bilan quvvatlashga harakat qilar edi. Mana shu paytda bazi firqalar orasida Qur'onni o'z da'volariga muvofiq o'zgartirish va Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbat berib hadislar to'qish harakatlari paydo bo'ldi.

Bu sohadagi to'qilgan hadislarning mazmuni asosan bazi shaxslarni ulug'lash ma'nosida bo'ldi. Har bir toifa o'z etakchisi, boshlig'ining fazilati haqida hadis to'qishga harakat qildi.

Manba'larda ko'rsatilishicha, bu harakatni birinchi bo'lib “shia” toifasi boshlagan.

Shu o'rinda, mazkur mazmundagi mavzu' hadislarni bazilarini misol tariqasida aytish mumkin:

“ Men ilm shahri bo'lsam, Ali uning eshigidir”,[7]

“ Sizlarning qozingiz Alidir”.[8]

Halifalik Umaviylarga o'tgandan keyin ularning tarafdorlari arab millatiga mansub bo'lmagan odamlarga nisbatan mensimaslik va kamsitish tuyg'usi bilan muomala qilganlar. Natijada, turli to'qima hadislar vujudga keldi.

Islom tarixidan ma'lumki, Hulafoi Roshidinlar davrida yuz bergan yana bir fitnalardan biri xorijiylar va Ali raziyallohu anhu o'rtasidagi bo'lgan to'qnashuvdir. Horijiylarning hadis to'qishlari masalasida olimlar turli fikr bildirganlar. Ibn Lahi'a, Ubaydulloh ibn Amr va Imom Suyutiy xorijiylarga mansub bo'lgan va umrining oxirida tavba qilgan bir kishidan quyidagi so'zni rivoyat qilganlar: “Hadislar bir dindir. Shuning uchun diningni kimdan o'rganayotganingga e'tibor ber. Chunki, biz bir fikrni amalga oshirmoqchi bo'lsak, uni hadisga aylantirar edik”.[9] Biroq, boshqa olimlar xorijiylar yolg'on gapirishni gunohi kabira hisoblagani uchun ularning mavzu' hadislar vujudga kelishida hech qanday o'rni yo'q deb hisoblaydilar.

  1. Islom dushmanlari: Bular musulmonlarni aqidalaridan va Islom dinidan uzoqlashtirish maqsadida hadislar to'qib, ularga asoslangan botil aqidalarni musulmonlar orasida targ'ib qilganlar. Aytish mumkinki, Islom dushmanlari o'sha davrda keng tarqalgan turli diniy oqimlarning niqobi ostida faoliyat ko'rsatganlar. Bunday kishilardan biri Mu'allo ibn Abdurrohman vafot etishi oldidan shunday degan:“Men Alining fazli to'g'risida 70 hadis to'qiganman”.[10] Odamlarning Islom dinini qabul qilmasliklari, qabul qilganlarni esa, undan sovutish maqsvadida zindiqlar (din dushmanlari ya'ni, dinsizlar) mantiqsiz, aql bovar qilmaydigan va ertakka o'xshagan hadislarni to'qiy boshdaganlar. Ja'far ibn Sulaymon aytadi: “Islom dushmanlaridan biri odamlar orasida Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam aytmagan 400 hadisni tarqatganiga iqror bo'ldi”. [11]
  2. Qasddan emas, balki bazi roviylarning xato gumonlari tufayli vujudga kelgan mavzu' hadislar: Buning ko'rinishi, sahih hadis matniga bazi iboralar yoki so'zlarning qo'shilib qolish shaklida bo'ladi.

 

 

Boboxon Boboxonov,

Toshkent islom instituti

Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar "Ho'ja Nisbatdor"

jome masjidi imom-xatibi

 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. – T.: Sharq, 2011. – B. 164.

[2] Ali Qori. Al-masnu' miy ma'rifatil hadisil mavzu'. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1969. – B. 22.

 

[3] Mustalahul hadis, ya'ni hadis ilmi

[4] Ali Qori. Al-masnu' miy ma'rifatil hadisil mavzu'. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1978. – B.14.

[5] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 26.

[6] –O' sha asar, – B. 356.

[7] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 138.

[8] – O'sha asar, – B. 124.

[9] – O'sha asar, – B. 89.

[10] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy, 1971. – B. 90.

[11] Ali Qori. Asrorul marfu'a fil axbaril mavzu'a. – Bayrut: Al-maktabatul-ilmiy. 1971. – B. 89.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   39434   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari