Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Hadislarning sahobalardan keyingi davrda jamlanishi (18-qism)

04.10.2022   2754   4 min.
Hadislarning sahobalardan keyingi davrda jamlanishi (18-qism)

 

Sahobalardan keyin hadislarni to'plash tarixi ham juda keng va ma'lumotlarga boy. Hadislarni rivoyat qilgan har bir sahobiy o'zidan eshitganlarini to'plagan ko'plab talabalarga ega edi. Sahobalarning o'quvchilari “tobein” deb atalardi.

Aksariyat tobeinlarning to'plagan hadislari umumiy bir mavzuga bag'ishlanmagan. Ammo ularning ba'zilari hadislarni mavzular ostida jamlagan. Bu tartibda yozilgan ilk hadis kitobi Imom Shab'ining “Al-Abvob” kitobidir. Bu kitob turli bo'limlarga bo'lingan. Har bir bo'lim zakot, namoz kabi bir mavzuga oid hadislarni o'z ichiga olgan.

Bundan tizimli ravishda yozilgan ilk hadis kitobi ilk hijriy asrdayoq mavjud bo'lgani ma'lum bo'ladi. Boshqa bir kitob Hasan Basriy (vaf. 110) tomonidan yozilgan bo'lib, unda Qur'oni karim tafsir va sharhlariga oid hadislarni jamlangan. Bu bir mavzu asosida tizimli yozilgan ilk kitob edi.

Tobeinlar davrida hadislarni to'plash rasmiy ravishda halifa Umar ibn Abdulaziz (99-101)ning buyrug'i bilan amalga oshdi. U hukmdorligi ostidagi barcha voliylarga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va ularning shogirdlaridan hadis to'plab, ularni alohida kitobga yozishga buyruq berdi[1].

Bu rasmiy amrning natijasida bir qancha hadis kitoblarining yozilishiga va butun mamlakat bo'ylab tarqalishiga erishildi. Ibn Shihob Zuhriy bu davrda hadis to'plash borasida yo'lboshchilardan biri edi. U ko'plab kitoblar yozdi.

Ushbu davrda yozilgan qo'lyozmalar odatda, har qanday fanning rivojlanishida bo'lgani kabi, keyinchalik yozilgan katta hadis kitoblariga kiritilgan.

Shunday qilib, hijriy 2-3 asrlarda yozilgan katta kitoblar o'z o'rnini egalladi va tobora keng qamrovli, batafsil va to'liq bo'lib bordi. Ular shu qadar keng tarqaldiki, tobeinlarning kitoblari sahnadan g'oyib bo'ldi, biroq ulardan ba'zilari saqlanib qolgan va keyingi kitoblarni solishtirish va tasdiqlash uchun foydalanildi.

Tobeinlar zamonida yozilgan kitoblardan biri, Abu Hurayra roziyallohu anhuning o'zidan eshitgan hadislarni o'z ichga olgan, uning shogirdlaridan biri Hammon ibn Munabbih (vaf. 101/719) sahifasidir. Bu kitob hozirda “As-Sahifa as-Sahiha” deb nom qozongan. Bu kitobning barcha hadislari, keyingi hadis to'plamlaridan joy olgan. Buning to'liq matni Ahmad ibn Hanbalning (vaf. 241/855) Musnad kitobida keltirilgan. Kitobning asl nusxasi mavjud emas va ancha oldin yo'qolgan.

1954 yilda bu kitobning ikki yozma nusxasi Doktor Muhammad Hamidulloh tomonidan Berlin va Damashq kutubxonalaridan topildi va to'liq shaklda, muqaddima bilan nashr qilindi. Doktor Muhammad Hamidulloh uzoq asrlar avval yozilgan bu yozuvlarni tadqiq qildi. Shu bilan birga bu matnlarni Imom Ahmadning Musnadidagi rivoyatlar bilan solishtirib chiqdi. Ikki matn orasida hech qanday bir farq topilmadi. Faqatgina bir xil kitobning ikkita qo'lyozmasida uchraydigan bir nechta kichik tafovutlar bundan mustasno.

Bu tobeinlar to'plagan kitoblar keyingi hadislar to'plamlarida juda ehtiyotkorlik bilan kiritilganligini isbotlaydi.

 

[1] Fath al-boriy. J. 1. – B. 174.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

 

1-qism2-qism3-qism4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism8-qism9-qism10-qism11-qism12-qism13-qism14-qism15-qism16-qism, 17-qism. Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   10772   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari