Tibbiyot xodimlari homilador ayollarga homila yaxshi rivojlanib, sog'lom holatda dunyoga kelishi uchun ham ko'proq harakat qilishlarini tavsiya etadilar. Ayollar homilador va bolasini emizadigan paytlarda avalgidanda ko'proq e'tiborga muhtoj. Chunki, bu vaqtda onalarning jismoniy va ruhiy jihatdan tez toliqib, salomatligi oldingi holatidan o'zgaradi. Muqaddas dinimizda ushbu holatlarda onalarning salomatliklariga alohida e'tibor qaratilgan.
Qur'oni Karimda onalarning homiladorlik paytidagi mashaqqatlrini zikr qilib shunday marhamat qilinadi:
( وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ )
Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko'tarib yurdi[1].
Yana bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
(وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا )
Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir[2].
Ushbu oyatlarda onalarning homiladorlik paytda qanchalik mashaqqatga tushishini zikr qilinyapti. Ayollar agar yuqorida aytilganidek, homilador yoki emizikli bo'lsa, dinimizda ularning va farzandlarining salomatligiga ziyon etmasligi uchun ibodatlarda engillik qilingan.
قال النبي صلى الله عليه وسلم إن الله تعالى وضع عن المسافر شطر الصلاة و عن المسافر و الحامل و المرضع الصوم أو الصيام
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta, Alloh taolo musofirdan namozning yarmini, musofir, homilador va emizikli ayoldan ro'za yoki ro'zalarni kechiktirdi (orqaga surdi)[3].
Ushbu hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam homilador va emizikli ayollarga ro'za tutadigan bo'lsa, o'zi va farzandiga zarar etadigan bo'lsa, ularning salomatligini saqlash maqsadida tutmay turishi joiz ekanini aytib o'tmoqdalar.
Ro'zadan kishi chanqaydi, och qoladi, toliqadi. Homilador ona turli qiyinchiliklar bilan to'qqiz oy homilasini ko'taradi. Bu mashaqqatlarni og'rinib emas, ona bo'layotganidan xursand bo'lib o'tkazadi. Homilador ona tuqqandan keyingi emizish davrida o'ziga xos qiyinchilikni boshidan o'tkazadi. Ro'za tutishda mashaqqat borligi uchun o'ziga yoki go'dak bolasiga zarar etishidan qo'rqadi. Emizuvchi ayolning ham o'ziga yoki bolasiga zarar etishi xavfi bo'ladi. Mana shu o'rinda Islom dinining engillik ustiga barpo qilingan din ekani namoyon bo'ladi. Islom rukni bo'lgan ibodatni ado etish jarayonida ham ona va bolaning sog'ligiga e'tibor qaratiladi. Zarar etishi aniq bo'lmasada, ehtimoli bo'lgani tufayli, o'sha zararning oldini olish choralarini ko'radi.
Bu borada “Hidoya” kitobida shunday keltiriladi: “Homilador va emizuvchi ayol o'ziga yoki go'dagiga zarar etishidan qo'rqsalar ro'zalarni (xarajni daf qilish uchun) ochaveradilar va qazosini tutadilar. Zimmalariga kafforat lozim bo'lmaydi. Chunki u uzr tufayli ochildi. Ularga fidya ham vojib emas”[4].
Ushbu holatda ro'zadagi ruxsat islomda onalarning salomatligiga qanchalik yuksak e'tibor berilganining bir ko'rinishidir.
Alloh taolo Qur'oni Karimda onalarga farzandlarni emizishga buyurib shunday marhamat qiladi:
{ وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْن }
Onalar bolalarini to'la ikki yil emizadilar[5]...
Alloh taolo ushbu oyati karima orqali chaqaloqni ikki yoshgacha emizish bolaga va onaning salomatligiga naqadar foydali ekaniga ishora qilib, onalarga emizish ta'limini o'rgatmoqda.
Oyatning ma'nosi xabar, ya'ni, darak gap ma'nosida bo'lsada, aslida amr(buyruq)ni ifoda qiladi. Chunki, emizishlik go'dakning onadagi haqqidir[6].
Alloh taolo Hakimdir. U buyurgan ishlarning har birida ko'plab hikmatlar va bandalarining dunyoyu-oxiratlari uchun manfaatlar bor. Ushbu oyatda onalarni farzandlarini emizishga bo'lgan buyruqda ona salomatligi uchun ko'plab manfaatlar bor. Bu borada tibbiyot mutaxasislari ham ko'plab ilmiy izlanishlar olib borib, emizishlik ona va bola salomatligiga qanchalik foydali ekanini e'tirof etmoqdalar.
Halqimizning o'ziga xos bir go'zal fazilati va xususiyati – bor hech bir ona bolasini sababsiz, uzrsiz emizishdan bosh tortmaydi. Darhaqiqat, zarurat bo'lmagan taqdirda muddatidan oldin ona sutidan boshqa sut yoki mahsulot bilan boqishga o'tish bolaning sog'lom, barkamol o'sishiga salbiy ta'sir etishini zamonaviy tibbiyot ta'kidlaydi[7].
Mutaxasislar tadqiqotlar natijasida quyidagilarni keltirib o'tadilar:
- ona farzandini emizishi bilan ruhiy xotirjamlikni his qiladi;
- emizish davrida ona organizmi tug'ishdan oldingi holatiga va tabiiy vazniga tezroq va osonroq qaytadi;
- emizish tufayli qandli diabet (saxar) va ko'plab kasalliklardan himoyalanadi;
- emizish tufayli ona ko'krak bezi saratonidan himoyalanadi; Iqtisodiy rivojlangan davlatlarda bu kasallik o'rta yoshli ayollar orasida asosiy o'lim sabablaridan biri bo'lib kelmoqda. MDH davlatlarida ham ayollar orasida ko'krak bezi saratoni kasalligi onkologik kasalliklar ichida hozirga qadar tarqalish jihatdan birinchi o'rinda turadi[8].
Demak, har bir kishi o'zining kelajakda ona bo'lmish qizalog'i, singlisi, jufti halolining jismoniy salomatligi borasida alohida qayg'urmog'i lozim. Bu borada dinimiz ko'rsatmalariga muvofiq ulug' zotlar, buyuk ajdodlarimiz yo'llarini tutmoq kerak.
Boboxon Boboxonov, TII Modul' ta'lim shakli talabasi, Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi imom-xatibi
[1] Qur'oni Karim oyatlarining ma'no va tarjimasi quyidagi manba bo'yicha beriladi: Qur'oni Karim ma'nolarining tarjimasi va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur. –Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot matbaa birlashmasi, 2012. Luqmon surasi. 14 oyat. Barcha o'rinlarda sura nomi va oyat raqami qavs ichida keltiriladi.
[2] Ahqof surasi. 15 oyat.
[3] Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid al-Qazviniy, Ibn Mojja. Sunan. Darul fikr. – Bayrut: 2 kitob. – B. 279. 1353 hadis.
[4] Burhoniddin Marg'inoniy. Al hidoyatu fi sharhi bidoyatil mubtadiy. – Bayrut: Daru ihyait turosil arabiy, 2004. 1-juz. – B. 124.
[5] Baqara surasi 233-oyat.
[6] A. Sobuniy. Rovai'ul bayon tafsiru ayatil ahkami minal Qur'an. – Bayrut: Al maktabatul asriyya, 2012. – B. 330.
[7] Usmonxon Alimov. Oilada farzand tarbiyasi. –Toshkent: Movarounnahr, 2014. – B. 40.
[8] Jaloliddin Holmo'minov. Sog'lom bola ozuqasi. Toshkent: Movarounnahr, 2014. – B. 38.
Savol: Ba’zi yemakxonlar taom yetkazib berishni kechiktirgani uchun buyurtmadan tashqari qo‘shimcha taom taqdim etar ekan. Shu ish joizmi? Agar reklamada qo‘shimcha bepul taom berish emas, balki yetkazib berilgan taomning pulini olmaslik aytilgan bo‘lsa, hukm qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
1. Taomga buyurtma berish bitimi shariatdagi istisno’, ya’ni buyurtma asosida ma’lum mahsulotni tayyorlab berish shartnomasiga to‘g‘ri keladi. Agar savoldagi shart faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida alohida bunday shart qo‘yilmasa, sotuvchi tarafidan berilgan bu va’da joiz hisoblanadi va unga vafo qilishi kerak bo‘ladi.
Agar buyurtma berishda yetkazib berish kechikishi sababli qo‘shimcha taom berish sharti qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Bitimdagi bunday shart moliyaviy jarima sanaladi. Mahsulot tayyorlab berish (istisno’) bitimida sotuvchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashga ruxsat etiladi.
Demak, qo‘shimcha bepul taom berish va’da ko‘rinishida bo‘lsa ham, shartnomada aks etgan bo‘lsa ham joiz ekan.
2. Yetkazib berish kechiksa, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida bunday shart qo‘yilmasa, bu ham sotuvchi tarafidan berilgan va’da bo‘ladi va joiz hisoblanadi. Ammo buyurtma berish jarayonida yuqoridagi shart qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Shartnomada esa buyurtma summasidan voz kechish shartini qo‘yish durust emas.
Demak, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik va’da ko‘rinishida bo‘lsa joiz, bitimda shart qilinsa, joiz emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi