Yuqorida so'z yuritilganidek Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga hadislarni yozishga izn beribgina qolmay, ularni undaganlar ham. Sahobalar shu sababli ko'p hadislarni yozdilar va hatto yozganlarini kitob shakliga keltirdilar. Quyida bular haqida ayrim namunalarni keltiramiz.
ABU HURAYRA ROZIYaLLOHU ANHUNING QO'LYoZMASI
Ma'lumki, Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda boshqa barcha sahobalardan o'zib ketgan. Uning rivoyat qilgan hadislari soni 5374 ta ekaniga ittifoq qilingan.
Buning sababi shuki, Islomni qabul qilgandan so'ng uning asosiy maqsadi Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam hadislarini o'rganib, ularni saqlash bo'ldi. Boshqa mashhur sahobalar kabi o'zini iqtisodiy yumushlar bilan mashg'ul qilmadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so'zlarini eshitish va u zot atrofida sodir bo'layotgan har bir voqeadan xabardor bo'lish uchun doimo u zotning masjidlarida qolardi. Och qolsa ham, xatto bu ochlik uni o'limga olib kelishi mumkin bo'lgan hollarda ham tanlagan vazifasidan voz kechmadi.
Uning hadislarni yozuvli holda saqlagani borasida aniq ma'lumotlar uchraydi. Uning talabalaridan biri Hasan ibn Amrning xabar berishicha, bir marta Abu Hurayra roziyallohu anhu uni o'z uyiga olib boradi va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini yozib qo'ygan “kuplab kitoblar”ini ko'rsatadi.
Bundan Abu Hurayra roziyallohu anhu hadislarni yozib qo'ygan qo'lyozmalari bo'lgani ma'lum bo'ladi. Qolaversa, uning ko'plab shogirdlari uning rivoyatlarini o'sha qo'lyozmalardan yozib olishgan.
ABDULLOH IBN AMR ROZIYaLLOHU ANHUNING QO'LYoZMASI
Abdulloh ibn Amr hadislarni yozib olish uchun Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallamdan ko'rsatma olganlari haqida yuqorida ta'kidlab o'tildi. Shu sababli, sahoba katta nusxada hadislar jamladi va uning nomini “As-Sahifa as-Sodiqa” (To'g'ri sahifa) deb nomladi. Abdulloh ibn Amr bu sahifalarni juda ehtiyot qilardi. Uning sevimli shogirdlaridan biri Mujohid bunday deydi: “Ustozim Abdulloh ibn Amrning oldiga bordim va uning yostig'i ostida turgan qo'lyozmani oldim. Uni meniunga tegishdan qaytardi. Men:“Ilgari mendan hech narsani berkitmas edingiz”, dedim.U bunday javob berdi:
هذه الصادقة ما سمعت من رسول الله ﷺ ليس بيني و بينه أحد. إذا سلمت لي هذه و كتاب الله و الوهظ فلا أبالي على ما كانت عليه الدنيا
“Bu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganim “As-sahifa as-sodiqa”dir. Men va u zotning orasida boshqa hech qanday roviylar yo'qdir. Bu sahifa, Allohning Kitobi va Allohning Yeri xavfsizlikda bo'lsa dunyodagi boshqa hech bir narsa bilan ishim bo'lmaydi”[1].
Bu sahifalar keyinroq uning farzandlarida qoldi. Uning jiyani Amr ibn Shuayb undagi hadislardan dars berardi. Yahyo ibn Ma'in va Ali ibn al-Madaniy aytadi: "Birorta hadis to'plamlarida Amr ibn Shu'aybdan rivoyat qilingan hadis bo'lsa, u albatta “As-sahifa as-sodiqa” qo'lyozmasidan olingan bo'ladi[2]. Ibn al-Asir ushbu sahifada mingta hadis jamlanganini aytgan[3].
ANAS IBN MOLIK ROZIYaLLOHU ANHUNINGQO'LYoZMASI
Anas ibn Molik Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yozuvni puxta biladigan sahobalaridan biri edi. Onasi uni o'n yoshida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borib, xizmatlariga topshirgan. U o'n yil davomida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida bo'ldi. Bu vaqt mobaynida juda ko'p hadislar eshitdi va ularni yozib oldi. Uning o'quvchilaridan biri Said ibn Hilol bunday deydi:
“Biz Anas ibn Molikdan ko'p iltimos qilganimizdan ayrim yozuv daftarlarini ko'rsatib: “Bularni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman, ularni yozib qo'yganman va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tasdiqlatish uchun ko'rsatganman”, degan[4].
Demak, Anas roziyallohu anhu faqatgina hadislarni yozmay, balki ularni tasdiqlash uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko'rsatib ham olganlar.
HAZRAT ALI ROZIYaLLOHU ANHUNING QO'LYoZMASI
Ma'lumki, Hazrat Ali roziyallohu anhuda ham hadis to'plami bo'lgan. U zot bunday deganlar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur'oni karim va bu sahifa o'z ichiga olganlardan boshqahech narsa yozmadim”.
Imom Buxoriy “Sahih” asarining olti erida bu sahifani zikr etadi. Bu qo'lyozma tadqiq etilsa, u katta hajda bo'lgani, unda qasos, xun, fidya, Islom davlatida musulmon bo'lmaganlarning haqlari, meros ilmining ayrim muhim qismlari, turli yoshdagi tuyalarning zakot nisobi va Madina shahrining muqaddasligi haqidagi hadislarni o'z ichga olganini bilish mumkin.
Bu sahifa Payg'amabarimiz sollalohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida yozilgan. Ali roziyallohu anhu hukmronlik qilgan kunlarida, islomiy ilm chegaralarini kengaytirish va odamlarni to'g'ri yo'ldan adashtiruvchi fitnachilardan ogoh etish uchun hadisni odamlar orasida tarqatish kerakligini tushundilar. Mashhur tarixchi Ibn Sa'd aytadi: "Ali roziyallohu anhu masjidda o'rnidan turib ma'ruza qildi. So'ng insonlardan bir savol so'radi:
من يشترى علما بدرهم
“Bir dirham evaziga kim ilm sotib olishni istaydi?”.
Ya'ni, hadis o'rganmoqchi bo'lganlar bir dirhamga yozuv qog'ozini sotib olsin va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini yozib olish uchun uning oldiga kelsin.
Rivoyat qilinishicha, Haris al-Avar Hazrat Ali roziyallohu anhuning huzuriga bir qancha qog'oz olib boradi va Ali roziyallohu anhu unga ko'p ilmlar yozib beradilar.
Ma'lumot o'rnida, Islomning ilk yillarida “ilm” so'zi faqatgina hadis ilmi uchun ishlatilgan[5].
JOBIR IBN ABDULLOH ROZIYaLLOHU ANHU QO'LYoZMASI
Jobir ibn Abdulloh – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko'p hadis rivoyat qilgan sahobalardan biri. Eshitgan hadislarini ikki to'plamga jamlagan.
Ulardan biri Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so'nggi bor qilgan haj ibodatlari haqidagi to'plam sanaladi. Ushbu hajning to'liq, batafsil tafsilotlari Imom Muslimning "Sahih"ida keltirilgan[6].
Ikkinchi to'plamda turli mavzularga oid hadislarni o'z ichiga olgan. Jobirning shogirdi Qatoda bunday deydi:
“Men Jobirning sahifa (qo'lyozma)sini Qur'oni karimning Baqara surasidan ko'ra yaxshiroq yoddan bilaman”[7].
Abdurazzoqning "Musannaf" asarida bu sahifalardan olingan hadislar ishora qilingan shaklda keltiriladi[8].
ABDULLOH IBN ABBOS ROZIYaLLOHU ANHUNING QO'LYoZMASI
Ibn Abbos Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida hali juda yosh bola edi. Hadislarni saqlash maqsadida u boshqa sahobalardan tinganlari bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlarini ham to'pladi. Agar biror sahobaning hadis bilishini eshitsa darhol uning oldiga borardi. U eshitgan hadislarining barchasini to'pladi. Ular hatto tuyaga yuk bo'ladigan darajada juda ko'p edi. Bu sahifalar uning talabasi Kuraybda qoldi. Bu haqda tarixchi Muso ibn Uqba bunday yozadi:
“Kurayb bizga Ibn Abbosning bir tuya keladigan kitoblarini qoldirdi. Ali ibn Abdulloh ibn Abbos bu kitoblarning birortasiga ehtiyoj sezsa, Kuraybga bunday yozardi: “Menga shu, shu kitoblarni yubor”. U esa so'ralgan kitobdan nusxa olar va ikkisidan birini unga jo'natar edi”.
Ibn Abbosning shogirdlari bu sahifalardan nusxa ko'chirar va ularning to'g'riligini tasdiqlash uchun Ibn Abbosga o'qib berishar edi. Ba'zan Ibn Abbos o'quvchilariga hadislarni aytib berar va o'quvchilari uni yozib olishardi.
Ushbu misollar hadislarni to'plash borasida Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalarining sa'y-harakatlarining bir namunasidir. Biz bu kabi misollarning mufassal tadqiqotini olib borishni maqsad qilmaganmiz. Ammo boshqa kitoblarga murojaat qilish mumkin. Bizning maqsadimiz faqatgina ba'zi bir namunalarni keltirish bilan cheklanish. Bu aniq namunalar “Hadislar payg'ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobalari davrlarida yozilmagan”, degan yolg'on bir iddaoni yo'qqa chiqarish uchun kifoya qiladi.
[1] Jome' bayanul ilm. J. 1. – B. 72; Asadul g'oba fiy ma'rifati sahoba. J. 3. – B. 233-234.
[2] Tahzib at-tahzib. – B. 49.
[3] Asadul g'oba fiy ma'rifati sahoba. J. 3. – B. 233.
[4] Imom Hokim. Mustadrak. –B. 573-574.
[5] Ibn Sa'd. Tabaqot. J.5. – B. 169.
[6] Qarang: Sahih Muslim. Kitab al-haj. – B. 294.
[7] Tahzib at-tahzib. J. 8. – B. 353.
[8] Abdurazzoq. Musannaf. J. 11.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, 11-qism, 12-qism, 13-qism, 14-qism, 15-qism, 16-qism Davomi bor...
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati