Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan erlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga turli va'dalar bilan urushga targ'ib qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayrim terrorchi tashkilot vakillari esa paytdan foydalanib, “jihod” da'vosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda.
Aslida musulmon kishini o'z vatanini himoya qilishdan boshqa xar qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi shar'an joiz bo'lmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad "As-Siyarul-kabir" kitobida aytadilar: “Musulmonlar g'ayridinlar bilan birlashib, boshqa g'ayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas”, deganlar.
Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qo'yilgan o'ziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush bo'ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo'ladi. Unda o'ldirganlar qotil, o'lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog'iylar bo'ladi.
Biz bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o'yinlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqdamiz. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg'unchiliklar, axloqsizlik va ma'naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi harqachongidan ko'ra ogoh va xushyor bo'lishi darkor. Hususan, insoniyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan turli bo'xronlar va notinchliklar paytida turli fitnalarga aralashmasligi lozim. Bu kabi fitnalarga aralashish shar'an harom hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi qonunchiligimizda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, nokonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga a'zo bo'lish ta'qiqlangan.
Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Yaqinda fitnalar bo'ladi. U paytda o'tirgan turgandan yaxshidir, u paytda turgan yurgandan yaxshidir, u paytda yurgan yugurgandan yaxshidir. Kim fitnaga kirishsa halokat yoqasiga keladi, kim fitna payti panohgoh yoki saqlanadigan joy topsa u bilan saqlansin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hulosa qilib aytganda Islom dini ikki jamoa o'rtasida urush boshlansa, ulardan biriga qo'shilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targ'ibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq bo'lishga da'vat etamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari shayxulislom tomonidan tuhfa etilgan, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining umumiy sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ma’naviy tarbiyasini yuksaltirish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim takliflarni ilgari surdi.
Islomning asl insonparvarlik mohiyatini yoshlarga sodda va qiziqarli tarzda tushuntirish uchun raqamli platformalar va interaktiv ta’lim vositalaridan foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.