Yaqinda Iordaniya fatvo tashkiloti[1] (Doiratul ifto Al-Urduniyya) tomonidan qandli diabetni o'lchashda foydaniladigan zamonaviy elektron moslamaga oid fatvosi e'lon qilindi[2]. Unda ta'kidlanishicha, mazkur fatvo tashkilotiga quyidagicha savol kelib tushgan:
“Savol:Ba'zi qandli diabet bilan og'rigan bemorlar qondagi qand miqdorini bilish uchun maxsus moslamani qo'llariga yopishtirib oladilar. Ushbu moslamaning shakli xuddi inson terisiga o'xshagan yupqa narsa bo'lib, qondagi qand miqdorini tez o'lchash imkonini beradi. Shu moslamani qo'lga yopishtirib olingan holda tahorat va g'uslning hukmi qanday bo'ladi?”.
Ushbu savolga Iordaniya fatvo tashkiloti ulamolari shunday javob berishgan:
“Javob: Allohga hamdlar bo'lsin, Payg'ambarimizga salavot va salomlar bo'lsin!
Shariatning umumiy qoidasiga ko'ra, tahorat a'zolari (yuz, qo'l, bosh va oyoq)ga suvni etkazish farz amal sanaladi. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ
“Ey, imon keltirganlar! Namoz (o'qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo'llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mash tortingiz va oyoqlaringizni to'piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida surasi, 6-oyat).
Agar jarohat ustiga biror narsa bog'lansa yoki singan joyga taxtakach qo'yilsa, uning ustidan mash tortish mumkin bo'ladi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, boshi yorilgan bir kishi ehtilom bo'lib qolib, g'usl qiladi, jarohatidan suv kirib, vafot etadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga buning xabari etganda, U Zot: “Jarohatiga biror lattani siqib (yoki bog'lab) olib, tayammum qilishi, jarohat ustiga mash tortib, qolgan a'zolarini yuvishi kifoya edi”, deydilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Bemorning qonidagi qand miqdorini o'lchaydigan, qo'lga yopishtirib olinadigan, teriga o'xshash jihozning hukmiga kelsak, agar bemorning holati – qonidagi qand miqdori keskin pasayib, to'satdan hushidan ketishga olib keladigan, bemor hayotiga xavf tug'diradigan o'tkir ko'rinishda bo'lsa, mazkur moslama jabira hukmida bo'ladi. Undan foydalanish zarurat bobidan hisoblanadi. Zero, jonni saqlash beshta zarurat[3]dan biri bo'lib, uni muhofazasi shar'an vojib sanaladi. Ulamolar:
"مَا لَا يَتِمُّ الوَاجِبُ إلَّا بِهِ فَهُوَ وَاجِبٌ"
“Vojib amal nima narsa bilan mukammal bo'lsa, o'sha narsa ham vojibdir”, deya ta'kidlaganlar. Qondagi qand miqdoridan tezkor xabardor bo'lib turish – bemorga to'g'ri tashxis qo'yish va davolash imkonini beradi. Shuning uchun g'usl yoki tahorat paytida jihoz ustidan mash tortish joiz bo'ladi.
Ulamolar o'limga olib kelmaydigan xastalik holatlarida ham jabiyra yoki bint bog'lashga ruxsat berganlar. Balki molikiy mazhabi fuqaholari bosh og'rig'ini yo'qotish uchun biror narsa yozilgan qog'ozni boshga qo'yib, ustidan mash tortishni joiz deyishgan.
Imom Dardirning “Sharhul-Kabir” kitobi (1-juz, 163-beti)da keltirilishicha: “Agar yarani yuvishdan qo'rqsa, mash tortadi, agar mash tortishga qodir bo'lmasa, ustidagi bog'lami yoki taxtakachiga mash tortadi. Singan tirnoq ustiga, garchi bog'lam halol narsa bo'lmasa ham, zarurat yuzasidan uning ustiga mash tortsa bo'ladi. Bosh og'rig'i va shunga o'xshash holatlarda chakkaga yopishtirilgan qog'ozga mash tortilsa bo'ladi” (Iqtibos tugadi).
Qondagi qand miqdorini ko'tarilib-tushishini davolashda tezkor tashxis lozim bo'lmagan holatlarda mazkur moslamani teriga yopishtirib olib, uning ustiga mash tortishda shar'iy uzr yo'q. Shuning uchun tahorat yoki g'usl paytida uni olib tashlash kerak bo'ladi. Vallohu a'lam”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi bosh mutaxassisi
Abdulatif Tursunov
tayyorladi
[1] Iordaniya fatvo tashkiloti (Doiratul ifto Al-Urduniyya) 1921 yilda Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida tashkil etilgan bo'lib, ilk kundan boshlab fatvolar chiqarishda Usmoniylar davrida amalda bo'lgan hanafiy mazhabini asos qilib olingan. Keyinchalik, fuqarolar hayotida yangi masalalarning paydo bo'lishi va masalalarning ko'pligi sababli ayrim hollarda boshqa fiqh mazhablarning manbalaridan foydalanishga ham qaror qilingan. Shunga ko'ra, ushbu fatvo tashkiloti orqali to'rt mazhab ulamolarining mo''tabar manbalariga suyangan holda fatvo e'lon qilib kelinadi (tarj.dan).
[2] Manba: https://www.aliftaa.jo/Question2.aspx?QuestionId=3635#.Yx7pyXZByUm
[3] “Beshta zarurat”dan murod – besh muhim narsa – din, jon, aql, nasl va molni asrash, muhofaza qilish tushuniladi. Ushbu beshta narsaning muhofazasi Islom shariatining maqsadi (“Maqosidush-sharia”) hisoblanadi (tarj.dan).
2-3 dekabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Z.Eshonqulov va O.Kadirov, idora bo‘lim boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov hamda bo‘lim mutaxassisi Dilmurod Rahimovlar viloyatimizda xizmat safarida bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati