O'tgan mavzularda hadislarni saqlash uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tomonidan yo'lga qo'yilgan turli uslublarni o'rganib chiqdik. Shuni alohida ta'kidlab o'tish lozimki, hadislarni yozib olish ularni saqlashning yagona usuli bo'lmasa-da, ammo bu jarayon hech qachon e'tibordan chetda qolmagan.
Hadislarni to'plash borasida sahobalarning urinishlariga nazar solsak, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning to'rt ulug' xalifalari vaqtlarida minglab hadislarning yozilganini ko'rishimiz mumkin.
Navbatdagi mavzularda aynan shu erta davrda eng mashhur bo'lgan hadis to'plamlarining tavsifi haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz. Bu ma'lumotlar hech bo'lmaganda hadislar dastlabki uch asr mobaynida to'planmagan degan noto'g'ri tasavvurni rad etadi.
PAYG'AMBARIMIZ SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING BUYRUQLARIGA BINOAN YoZILGAN HADISLAR
Avvalo shu haqiqatni anglab olishim kerakki, ko'pgina hadislar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o'zlari tomonidan yozdirilgan va yozilgan holatda saqlanilishiga buyurilgan. Uni quyidagilar orqali bilish mumkin:
Sadaqa (zakot) kitobi
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zakot borasidagi shar'iy hukmlarni o'zida jamlagan, zakot chiqarilishi kerak bo'lgan turli mol-mulklar bilan bog'liq bo'lgan zakot nisobi va uning zakot chiqarish miqdorlarini belgilab bergan mukammal hujjatlar yozdirdilar. Bu hujjat “Kitobu-s-sadaqa” (Sadaqa kitobi) deya nomlangan.
Bu haqda Abdulloh ibn Umar bunday deydi: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sadaqa (zakot)kitobini yozdirdilar va uni vafot etadigan vaqtlarida voliylarga yubordilar. U Zot bularni qilichiga osib qo'ygan edi. U zotning vafotlaridan zo'ng Abu Bakr ham vafotlariga qadar bunga amal qildi. So'ngra Umar ham o'limiga qadar bunga ko'ra ish tutdi. Bu kitobda quyidagilar qayt etilgan edi: Besh tuyadan bir echki olinadi…. ”
Bu hujjatning matni “Sunan Abu Dovud” kitobida keltirilgan. Mashhur muhadddis Imom Zuhriy bu hujjatni o'quvchilariga o'rgatar edi. U bunday yozadi: “Bu zakot ahkomlari haqidagi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan yozdirilgan hujjat matni bo'lib, Hazrat Umarning farzandlaridan topilgan asl qo'lyozmadir. Bu matnni menga Hazrat Umarning nabirasi Salim ta'lim berdi va men uni o'rgandim. Umar ibn Abdulaziz bu matnning bir nusxasini Hazrat Umarning nabiralari Salim va Abdullohdan olgan edi. Huddi shu matnning bir nusxasidan menda ham bor”.
Amr ibn Hazm roziyallohu anhuning nusxasi. Hijriy 10 yili Najron musulmonlar tomonidan fath qilingandan so'ng, Amr ibn Hazm Yaman viloyatining voliysi etib tayinlandi. Shu vaqtda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka'bga mufassal bir maktub yozdirib, uni Amr ibn Hazmga berdilar. Bu maktub ba'zi bir umumiy tavsiyalar bilan birga tahorat, namoz, zakot, ushr, haj, umra, jihod, o'ljalar, soliqlar, hun (qon) haqqi, boshqaruv, ta'lim-tarbiya kabi mavzulardagi shar'iy hukmlarni o'z ichiga olgan edi.
Amr ibn Hazm Yaman voliysi sifatidagi o'z vazifalarini ushbu maktub asosida bajardi. Uning vafotidan so'ng ushbu hujjat uning nabirasi Abu Bakrda qoldi. Imom Zuhriy undan o'rganib, bir nusxa ko'chirib oldi, talabalariga undan ta'lim berdi.
BOShQA HUKMDORLARGA YoZMA KO'RSATMALAR
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarini turli viloyatlarga voliy yoki qozi qilib tayinlaganlarida, ularga o'z vazifalarini ado etishda bajarilishi kerak bo'lgan ko'rsatmalari aks etgan hujjatlarni yozdirib berardilar.
Abu Hurayra va A'la ibn Hazramiyni Hajar zardushtiylariga elchi etib tayinlaganlarida, ularga zakot va ushr haqidagi shar'iy hukmlarni o'z ichiga olgan ko'rsatmalar yozdirib berganlar.
Huddi shuningdek, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu (vaf.18/639) va Molik ibn Murarahlarni Yamanga yuborayotganlarida ularga ham shar'iy hukmlarni o'z ichiga olgan hujjat yozdirib berganlar.
QABILA VAKILLARIGA YoZMA KO'RSATMA
Madinadan olis masofalarda joylashgan o'lkalarda yashovchi mashhur arab qabilalari Islom dini qabul qilgandan so'ng Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o'z vakillarini yuborishar edi. Bu vakillar Madinada bir muddat qolib, Islom ta'limotlarini, Qur'on tilovatini o'rganishar va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so'zlarini tinglashardi. Qavmlariga qaytayotgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o'zlari va qabilalari uchun ba'zi ta'limotlarni yozib berishlarini iltimos qilishardi. Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ularga eng muhim bo'lgan shar'iy hukumlarni yozdirib berar edilar.
اكتب لي إلى قومي كتابا
“Menga qavmim uchun bir maktub yozib bering”, deb iltimos qildi. Shunda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoviya roziyallohu anhuga uch dona hujjat yozdirdilar. Ularning bittasi Voil ibn Hujrning shaxsiy muammolariga bag'ishlangan edi, qolgan ikkitasi esa namoz, zakot, harom qilingan ichimliklar ichish, sudxo'rlik va boshqa ayrim masalalar bilan bog'liq umumiy qoidalarni qamrab olgandi.
Ushbu hadisning batafsil tafsilotlarini Imom Buhoriy va Imom Muslim kitoblaridan topish mumkin.
و كتب لهم رسول الله ﷺ كتابا فيه شرائع الإسلام
"Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga Islomning sha'riy hukmlarini ifoda etgan bir maktub yozdirib berdilar"[1].
فقالوا آمنا بالله و رسوله و ما جاء من عند الله فاكتب لنا كتابا نتبع ما فيه فكتب لهم كتابا شهد فيه جرير بن عبد الله و من حضر
“Ular: “Biz Allohga va Uning Rasuliga hamda Allohdan kelgan (narsa)larga iymon keldirdik. Bir hujjat yozib bersangiz, undagi yozilgan narsalarga ergashar edik”, dedilar”.Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular uchun bir hujjat yozdirdilar. Bunga Jarir ibn Abdulloh va o'sha erda hozir bo'lganlar guvoh bo'lishdi”.
Albatta, bu ayrim qisqa misollardir, xolos. Bunga o'xshash misollarga bag'ishlangan alohida (Ibn Sa'dning "Taboqat" nomli kitobi singari) kitoblar yozilgan.
Yuqoridagi misollardan Payg'amabarimiz sollallohu alayhi vasallam faqatgina islomning umumiy hukmlari bayon etilgan hujjatlarni yozdirganlarini ko'rish mumkin. U zot boshqa holatlar bilan bog'liq hujjatlar ham yozdirganlar. Bu mavzudagi hujjatlarning ko'pligi sababli ularning barchasini qisqa bir bobda yoritishning imkoni yo'q. Bu hujjatlarning hammasi Sunnatning bir qismini tashkil qiladi va ulardan Islomning aksariyat hukmlari olingan.
Qisqacha qilib aytganda, biz faqat doktor Muhammad Hamidullohning "Al-Vasaiq as-Siyosiyya" nomli tadqiqotiga murojaat qildik, unda juda ko'p sonli hujjatlar to'plagan.
[1] Ibn Sa'd. Tabaqot. J.1. – B. 34.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, 11-qism, 12-qism, 13-qism, 14-qism, 15-qism, Davomi bor...
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.