Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

Hadislar saqlanishining turli yo'llari (15-qism)

20.09.2022   2756   28 min.
Hadislar saqlanishining turli yo'llari (15-qism)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari roziyallohu anhum ko'plab hadislarni yozib qoldirdilar. Ammo hadislarni saqlashning yagona yo'li faqat yozuv emas, uning quyidagi boshqa yo'llari ham mavjud:

Yod olish. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari avvalo hadislarni qalblariga yod olishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

نضَّرَ اللَّهُ عبدًا سمِعَ مَقالَتي فَوَعَاهَا , ثُمَّ أَدَّاهَا كما سمع

“Mening so'zimni eshitib, eslab qolgan va uni eshitgani kabi boshqalarga etkazgan kishiga Alloh rahm qilsin”, deganlar.

Sahobalar aksariyat vaqtlarini hadislarni yodlash uchun sarflar edilar. Ularning bir qismi uylarni tark qilib, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida yashardilar. Shu sababli hadislarni to'g'ridan-to'g'ri Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning og'izlaridan eshitardilar. Ularni “ashobi suffa” deb atashardi.

Arablar yuzlarcha baytli she'rlarni osonlik bilan yodlab oladigan hofiza (xotira)ga ega edi. Ularning qariyb hammasi faqat o'zlarini emas, ot va tuyalarining ham kelib chiqishlari-yu ajdodlarini yoddan bilishardi. Hatto ularning bolalari ham farqli qabilalarning ajdodlari shajarasi mavzusida etarli ilmga ega edilar.

Hammod (vaf. 155/772) arab she'riyatining mashhur shoiridir. U alifboning har bir harfi uchun yuzlab uzun she'rlarni yoddan bilgan (3038 ta uzun she'r).

Arablar quvvatli hofizalari bilan shu qadar maqtanishardiki, yozuvdan ham ko'proq hofizalariga ishonishardi. Ba'zi shoirlar she'rlarini yozuvda ifodalashni ayb, kamchilik, nuqson deb hisoblashardi. Ular xotiradagi narsa hech kim tomonidan o'zgartirilmaydi, qog'ozga yozilganlarni o'zgartirish mumkin deb bilishardi. Agar bir shoir she'rlarilan ba'zilari yozgan bo'lsa, bu holni oshkor qilishni xohlamas edi. Chunki bu holat uning xotirasida bir ayb borligini ko'rsatishi bo'lardi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari roziyallohu anhum hadislarni Qur'oni karimdan keyin yagona dastur deb bilganlaridan uning muhofazasi uchun yoddan saqlashga harakat qilishgan.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan 5374 ta hadis rivoyat qilgan sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Kechamni uch qismga bo'ldim. Kechaning ilk uchdan birida namoz o'qirdim. Ikkinchi uchdan birida uxlardim. Oxirgi uchdan birida esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yodlardim”.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Islomni qabul qilganidan keyin hayotini hadislarni o'rganishga bag'ishladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning boshqa sahobalaridan ko'ra ko'proq hadis rivoyat qildi.

Madina voliysi Marvon Abu Hurayra roziyallohu anhuning xotirasini sinamoqchi bo'ldi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan ba'zi hadislarni aytib berish maqsadida uyiga taklif qildi. Kotibiga pardaning orqasiga o'tib, Abu Hurayra aytgan hadislarni yozib olishni aytdi. Kotib aytilgandek qildi, barcha hadislarni yozib oldi. Oradan bir yil o'tgandan so'ng Marvon Abu Hurayra roziyallohu anhuni yana chaqirdi va o'tgan yili aytib bergan hadislarini qayta aytib berishini iltimos qildi.

Kotib ham pardaning orqasida turib, Abu Hurayraning o'tgan yili aytgan hadislari bilan solishtirib chiqdi. Abu Hurayra avval aytgan hadislaridan biror-bir harf tashlab ham, qo'shib ham aytmadi.

Hadis ilmi tarixida bunday hodisalarga ko'p guvoh bo'lish mumkin. Alloh taolo ularga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini saqlab qolishga tavfiq ato etgan.

Hadis ilmi olimlari har bir hadis roviysini tekshirish uchun ishonchli usul “asmaur rijal” ilmiga asos solganlar. Ular roviylarning kuchli xotiraga egaligini aniq isbotlamay turib birorta hadisni ishonchli deb qabul qilmaganlar.

Hadis ilmida xotira oddiy bir atama emasdir. U roviylarning ishonchligini sinash uchun qabul qilingan ilmiy atamadir. “Asmaur rijal” va “jarh-ta'dil” ilmi olimlarining katta bir qismi hayotlarini bu qoidaga ko'ra hadis roviylarini tadqiq qilish uchun sarflashgan. Ularning vazifasi har bir roviyning xotira kuchi to'g'risida bir hukmga borish va ular bilan bog'liq haqiqiy hukmni aytish edi.

Hadis roviylarining xotiralarini bugunni kungi odamlarning xotirasi bilan taqqoslab, qiyoslab bo'lmaydi. Hozirgi kunimizdagi aksariyat odamlar bir voqeaning guvohi bo'lsa, uni boshqalarga beparvolik bilan etkazadi, kamdan-kam hollarda o'z gapining to'g'riligiga e'tibor beradi.

Bu borada quyidagilarga e'tibor qaratish lozim:

  1. Hadis roviylari aytmoqchi bo'lgan narsalarining ulkan ahamiyatini va nozikligini yaxshi bilishardi. Ular e'tiborsizlik qilishsa, xatoga yo'l qo'yishsa bu dunyoda ham, oxiratda ham jazoga mubtalo bo'lishlarini yaxshi bilishardi. Mustahkam e'tiqod ularda kuchli mas'uliyatni uyg'otgan edi. Shu bois, bunday buyuk mas'uliyat hissi har bir roviyni yanada e'tiborli bo'lishga undardi.

Kundalik hayotda insonlar bilan bo'lgan hodisani bayon etmoqchi bo'lgan jurnalist hodisaning tafsilotlarini e'tiborsiz, tekshirmay yozishi mumkin. Biroq biror hodisa yoki voqea rahbar bilan bog'liq bo'lsa, albatta alohida diqqat va ehtirom ko'rsatgan holda, eng nozik hamda latif so'zlar bilan bayon etish uchun bor kuch-g'ayratini sarflaydi. Ikkinchi holatla birinchisiga qaraganda ko'proq diqqatli bo'ladi. Chunki hodisaning kim bilan bo'lgani undan yanada mas'uliyatli va e'tiborli bo'lishni talab etadi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari, ularning shogirdlari va boshqa ishonchli hadis roviylari Nabiy alayhissalomning hadislari har qanday xabardan ahamiyatli va e'tiborli ekaniga butun qalblari ishonganlari inkor qilib bo'lmaydigan haqiqatdir.

Ular hadislar ummatning hayotini belgilaydigan Islom shariatining asosiy manbasi ekanini bilishgan. Qolaversa, birgina xato ularni azobi shiddatli bo'lgan jahannamga olib borishini yaxshi bilishgan. Shuning uchun ularning hadis rivoyat qilishdagi mas'uliyatlari, jurnalistning rahbar odam bilan bog'liq muhim bir hodisani bayon etishda ko'rsatgan mas'uliyatidan ko'ra ko'proq edi.

  1. Roviyning o'zi aytayotgan voqea-hodisalarga bog'liqligi, ularni to'g'ri tushunish qobiliyati ham uning rivoyatlarining to'g'riligini ko'rsatuvchi yana bir muhim omildir.

Agar roviy rivoyat qilgan narsasi haqida beparvo bo'lsa, uning xotirasiga suyangan boshqa bir xabarga ishonchsizlik hissi paydo bo'lishi mumkin. Ammo roviy nafaqat ishonchli, jiddiy va aqlli, ayni vaqtda hodisa bilan bog'liq bo'lsa, uning xabariga ishonsa bo'ladi.

Bir mahkama (sud)da biror masala ko'rilayotgan bo'lsa, unda ishtirok etuvchilar turli vaziyatlarda bo'lishi mumkin. Masalan, ishtirok etuvchilardan biri sud haqida tasodifan eshitib qolganlardan biri bo'lishi mumkin. Avvalo uning hodisaga umuman aloqasi yo'q, qolaversa muhokama qilinayotgan masalalarga oid bilim va fikrga ham ega emas. Shunchaki hodisaning bir holatini boshqa shaxsga etkazganlardan biridir. Bunday xabar qabul qilishga arzimaydi va voqeaning haqiqiyligini isbotlay olmaydi. Bu xabar naql qilganning masalani to'g'ri anglash qobiliyati va uni to'g'ri bir shaklda naql qilish mas'uliyatidan mahrum ekanligi sababidan tamoman xato bo'lishi ham mumkin. Bunday bir naql qiluvchi qilgan naql ila faqat xato qilmaydi, ayni paytda hodisani chigallashtirib yuborishi ham mumkin.

Aytaylik, bir nechta jurnalistlar gazetalarida xabar berish uchun sudda ishtirok etishdi. Ular oddiy odamga qaraganda ko'proq bilim va tushunchaga ega. Ularning xabarlari aniqroq bo'ladi. Ammo huquqiy qonunlarni bilishdagi kamchiliklari tufayli ularning xabari ham to'liq va aniq bo'lmaydi.

Yana o'sha sud majlisida bevosita ishtirok etgan advokatlar bor. Ular barcha suhbatlarni yaxshi bilishadi, bahslashadi, dalillar keltirishadi, sud jarayonining barcha ishtirokchilarini tinglashadi, hodisani dalillari bilan muhokama etadilar. Vujudga kelgan huquqiy hodisalarning nozik joylarigacha puxta biladilar. Boshqa huquqshunoslar tomonidan tilga olingan har bir jumlani anglaydilar. Shu narsa aniqki, huquqshunoslar tomonidan muhokamaga oid xabar eng ishonchli xabar bo'ladi.

Faraz qilaylik, uch toifadagi odamlarning hammasi bir xil xotiraga ega. Ammo ular tomonidan rivoyat qilingan hodisalar to'g'riligi jihatidan turli darajalarga bo'linadi. Bu ham shuni ko'rsatadiki, roviylarning rivoyat qilgan hodisa bilan bog'liqligi yoki hodisaning ichida bo'lishi, uning xotirasini yanada ta'sirli va diqqatli bo'lishida muhim ahamiyat kasb etgan.

Sahobalar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so'z va amallariga, hatti-harakatlarigacha bo'lgan diqqatlari har qanday shubhadan uzoqdir. Ularning Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni gaplarini tushunishlari, u zotning amallarining asl maqsadi haqidagi ilmlari borligiga shubha qilinmaydi. Bir so'z bilan aytganda, insonning xotirasini harakatga soladigan barcha faktorlar ularda bor edi.

  1. Bir xabarning ishonchliligi uchun talab qilingan xotira quvvati, avval ham aytib o'tilgani kabi hech qanday o'ziga xos o'lchovi bo'lmagan bir narsa emasdir. Hadis ilmi olimlari har bir roviyning xotirasi darajasini bilish uchun qat'iy talablarni qo'yishgan. Agar roviy kuchli xotiraga ega bo'lmasa, uning rivoyatlari qabul qilinmagan.
  2. Tasodifiy, ayniqsa, qiziq bo'lmagan haqiqatni yodlash bilan aniq narsani, xususan, o'zi uchun juda zarur bo'lgan narsani esda saqlash o'rtasida katta farq bor va odam o'ziga zarur narsani eslab qolish uchun bor kuch-g'ayratini sarflaydi.

Arab tilini o'rganganimda ustozim menga bugun eslay olmaydigan ko'p narsalarni aytgandi. Faqat ustozim menga bergan lug'atlar zehnimda saqlanib qolgan. Sababi esa aniq. Arabcha so'zlarni juda tirishqoqlik bilan o'rganardim, boshqa narsalarni yodimda saqlashga harakat qilmasdim.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari u zotdan eshitgan, ko'rgan narsalariga e'tiborsizlik qilishmasdi. Aksincha, ular har kuni hadis yodlash uchun vaqtlarini ajratishardi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhuning misolida yuqorida aytib o'tdik. U kechaning uchdan birini hadislarni o'rganish, takrorlash uchun ajratardi.

Shunday qilib, ba'zilar o'ylagandek hadislarni yodlash ularni saqlashning ishonchsiz usuli emas edi. Ishonchli roviylarning xotirasini hadis yozish bilan tenglashtirish mumkin.

Muzokara. Hadislarni saqlashning ikkinchi yo'li Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari tomonidan o'tkazilgan muzokaralar edi. Ular bir sunnatni o'rgansalar, uni darhol boshqalarga etkazishardi. Sahobalar shu tartibda bir-birlariga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o'rganganlarini etkazardilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan hadislariga amal qilishardi. Bunga ishora qilgan ba'zi hadislar quyidagilar:

“Bu erda bo'lganlar (mening sunnatimni) bu erda bo'lmaganlarga etkazsin”[1].

“Mendan bir oyat bo'lsa ham etkazing”[2].

“Mening so'zimni eshitib, uni boshqalarga etkazguncha xotirasida saqlaganga Alloh rahm qilsin”[3].

“Siz mening so'zlarimni eshitayapsiz. Sizdan boshqalar ham eshitadi, ulardan ham boshqalar eshitadi”[4].

“Bir Musulmon dindoshiga o'ziga etgan go'zal bir hadisdan boshqa yaxshiroq foyda bera olmaydi”[5].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ta'limotlari sahobalarning hadislarni o'rganishlariga va uni boshqalarga etkazishlariga sabab bo'lardi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam majlislarida sahobalarni bir-birlariga hadis aytishga ham da'vat qilardilar. Bu usul “tadarus” deb atalgan bo'lib, “bir-biriga o'rgatmoq” ma'nosini anglatgan. Bir sahoba o'zi bilgan hadisni boshqasiga aytadi. Hadis tinglagan sahoba o'sha hadisni takror qiladi. Shunday qilib davom etaveradilar. Maqsad hadisni to'g'ri o'rganish edi. Har biri boshqasining hadisini eshitadi va agar xatosi bo'lsa tuzatardi. Bu “tadarus”ning (muzokara) samarasi, hadislarni iloji boricha puxta yodlash va esda saqlash edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm olishni Alloh nazdida butun kechani nafl ibodat bilan o'tkazgandan afzal ekanini aytganlar: “Kechaning bir qismida ilm[6] olish bilan mashg'ul bo'lish, butun kecha ibodat bilan o'tkazgandan afzaldir”[7].

Qolaversa, payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilmni yashirish katta gunoh ekani haqida bunday deganlar: “Kimki bilgan narsasidan so'ralganida, uni yashirsa, u olovdan bo'lgan bir yugan bilan yuganlanadi”[8].

Boshqa hadisda esa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm so'ralmasada uni yashirish katta gunohligini ma'lum qilganlar: “Kim o'zida foydali bir ilmni yashirsa, qiyomat kuni olovdan bo'lgan yugan bilan keladi”[9].

Ushbu hadisilardan ilmni etkazish, uni tarqatish har bir olim kishining vazifasi ekani ma'lum bo'ladi. Undan ilmning so'ralishi yoki so'ralmasligi muhim emas ekan.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini bilishni eng oliy ilm deb bilganlari uchun, ular sunnat haqida bilganlarini boshqalarga etkazishni zaruriy vazifa deb bilishgan.

Shu sababli, sahobalarning bir erga to'plangandagi eng sevimli mashg'ulotlari foydasiz gap so'zlar o'rniga, u zotning so'z va amallarini muzokara qilish bo'lardi. Ularning har biri bilganlarini aytar, boshqalari esa, eshitib yodlashga harakat qilishardi.

Bu doimiy muzokaralar sunnatning muhofazasida muhim rol o'ynadi. Bu muzokaralar tufayli, faqatgina ma'lum bir shaxslar bilgan hadislar, boshqalarga ham etib bordi va shu tufayli roviylar zanjiri kengaydi. Bu muzokaralar Payg'ambarimizning hayotlik davrlarida ro'y bergani uchun sahobalar o'zlariga etib kelgan hadislarning to'g'riligini tekshirish imkoniyatiga ega edilar. Hatto ba'zilari shunday qilgan ham edi. Natijada, nafaqat hadislar haqidagi bilimlar tarqatildi, balki qayta rivoyat qilish nazorati ham ta'minlandi, chunki kimdir xato qilgan bo'lsa, boshqalar darhol uni tuzatdilar.

Amaliyot. Sunnatni muhofaza qilishning uchinchi yo'li – uni amaliyotda qo'llash.

Sunnat ilmi nafaqat bir ilm, u amaliy hayotga ham bog'liqdir. Payg'ambarimiz faqat va'z qilish bilan cheklanmaganlar. Balki sahobalarni amaliy jihatdan ham tayyorlaganlar. Ular Payg'ambarimiz alayhissalomdan nima o'rgansalar uni amaliy tatbiqi uchun aslo chekinmadilar. Ularning yashash tarzi tamomi ila sunnatga ergashishdan iborat edi. Sunnat faqatgina og'zaki bir rivoyat emas, balki kundalik hayotning har bir jabhasida, har bir sohasida o'zini ko'rsatgan bir amaliy, keng qamrovli muomala va odat tarziga aylangandi.

Agar matematika o'quvchisi formulalarni so'z bilan xotirlashga odatlansa, bir muddat o'tib, uni unutishning ehtimoli katta. Ammo bu formulalar kuniga o'n marta amaliy qo'llanilsa aslo unutilmaydi.

Ayni shaklda sunnat ham sahobalar tomonidan og'zaki naql qilingan bir ish emasdi. Ular sunnatni kundalik ishlarida qo'llashardi. Sunnat ularning butun faoliyatlarining asosi edi. Shunday holatda ular Payg'ambarimizning atrofida butun hayotlarini qurgan sunnatni qanday qilib unutishlari mumkin?

Shunday qilib, barcha kundalik ishlarda sunnatga doimiy rioya qilish sunnatning saqlanishiga hissa qo'shgan va uni himoya qilgan yana bir muhim omil edi.

Yozuv. Hadislarni muhofaza qilishning to'rtinchi yo'li yozuv edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ba'zilari hadislarni eshitishlari bilan qog'ozga yozib olishardi.

Dastlab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Qur'oni karimdan boshqa narsani yozishni taqiqlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan har bir eshitganingizni yozmang. Kim mendan Qur'ondan boshqasini yozgan bo'lsa, uni o'chirib tashlasin. Mendan eshitganlaringizni boshqalarga naql qiling. Bunda gunoh yo'q. Kim menga qasddan yolg'onni nisbat bersa, jahannamdagi eriga tayyorlanaversin”[10], deganlar.

Hadislarni yozish taqiqlanishining sabab shu ediki, Qur'on vahiyning boshlanishida, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Qur'onning uslubi bilan to'liq tanishmagan edilar. Qur'on ham bir kitob shaklida emas edi. Ba'zi sahobalar hadislarni Qur'on matni bilan bir erga yozardilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan sharhlangan ba'zi oyatlarning tafsirlari ham to'g'ridan-to'g'ri, oralarini ajratmasdan Qur'on oyatlari bilan aralashtirilib yozilgandi. Shu sababli, Qur'on oyatlarining hadislar bilan aralashib ketishidan xavotir olingan.

Shu sababli, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadis yozishdan qaytarganlar. Qur'oni karimdan tashqari har qanday yozuvni o'chirishni amr qilganlar. Bu borada o'sha zamonlarda yozuv qog'ozi qanchalik taqchil bo'lganini ham unutmaslik kerak. Hatto Qur'on oyatlari ham teri parchalari, daraxt po'stloqlari, hayvon suyaklari va ba'zan toshlarga yozilardi. Ularni bir kitob holida bir joyda to'plash qiyin edi. Agar hadislar ham ayni shaklda yozilsa edi, Qur'on oyatlari va hadislarni bir biridan ayirish yanada qiyin bo'lardi. Shu sababli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga hadislarni yozmaslikni va hadislarni yuqorida kelgan uch yo'lda saqlash bilan cheklanishni buyurdilar.

Bu tartibning barchasi payg'ambarlikning ilk yillariga oid edi. Sahobalar Qur'onning uslubiga oshno bo'lganlarida va yozuv qog'oziga ulashish imkonlari paydo bo'lganida bu vaqtinchalik ehtiyot chorasi bekor qilindi. Chunki endi Qur'on bilan hadisning aralashib ketish xavfi qolmagandi.

Vaqti kelib Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga hadis yozishga shaxsan o'zlari buyurdilar. U zot alayhissalomning bu mavzudagi ta'limotlaridan ba'zilari quyida keltiriladi:

  1. Ansorlardan bir sahoba Payg'ambarimizga ba'zi bir hadislarni eshitganini, ammo ba'zan ularni unutib qo'yishini aytib shikoyat qildi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday dedilar: “Chap qo'lingdan yordam so'ra”[11] va qo'llari bilan yozishga ishora qildilar.
  2. Payg'ambarimizning sahobalaridan biri Rofi' ibn Hadij roziyallohu anhu (vaf. 74/693) aytadi: “Payg'ambarimizga “Sizdan bir qancha narsalar eshitamiz, ularni yozib olsak bo'ladimi?” deb so'radim. U zot alayhissalom: “Yozavering, unda gunoh yo'q”, dedilar.
  3. Anas roziyallohu anhu Payg'ambarimizning bunday deganlarini rivoyat qiladi:

قيدوا العلم بالكتاب

“Ilmni yozish bilan muhofaza qiling”[12].

  1. Abu Rofi' Payg'ambarimizdan hadislarni yozish uchun ruxsat so'radi. Payg'ambarimiz alayhissalom ham unga yozish uchun ruxsat berdilar.

Rivoyatlarga ko'ra, Abu Rofi' tomonidan yozilgan bu hadislar boshqa sahobalar tomonidan ham yozilardi. Ibn Abbos roziyallohu anhuning shogirdi Salmo roziyallohu anhu aytadi: “Abdulloh ibn Abbosning oldida ayrim kichkina taxtachalarni ko'rdim. U bu taxtachalarga Abu Rofidan olgan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amallariga oid ba'zi rivoyatlarni yozardi”.

  1. Abdulloh ibn Amr ibn Oss bunday hikoya qiladi: “Men Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir gapni yozar va yodlashga harakat qilardim. Ba'zi qurayshliklar meni yozishdan to'sishga harakat qildilar. “Payg'ambarimizning og'zidan eshitganing hamma narsani yozaverasanmi? Holbuki u zot ham inson. Ba'zida jahllari chiqishi mumkin”, deyishdi.

Ular: “Payg'ambarimiz qizishgan vaqtida qasd qilmagan, jiddiy bo'lmagan ba'zi gaplarni aytib yuborishi mumkin”, degan xavotirda hadislarni yozib olishdan man qilishgan edi.

Shunda Abdulloh ibn Amr ularning bu gaplarini Payg'ambarimizga aytdi. Payg'ambarimiz alayhissalom muborak og'izlariga ishora qilib: “Muhammadning joni qo'lida bo'lgan zotga qasamki, bu ikki (labning) orasidan haqdan boshqa bir narsa chiqmaydi. Shunday ekan yozaver”, dedilar.

Bu Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning har bir so'zlarini hech ikkilanmasdan va shubhasiz yozib olish mumkinligiga aniq-ravshan dalil sanaladi. Unga amal qilgan Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu bir qator hadislarni yozib, to'pladi va ularni “as-sahifa as-sodiqa” deb nomlab, kitob holiga keltirdi.

  1. 6. Makka fath etilganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inson haq-huquqlariga tegishli bir qator shar'iy amrlar haqida xutba qildilar. U erdagi odamlar orasida yamanlik Abu Shoh degan bir odam Payg'ambarimizdan bu xutbani yozib berishlarini iltimos qildi. Bunga javoban Payg'ambarimiz alayhissalom sahobalariga: “Abu Shohga yozib beringlar”[13], deb amr qildilar.

Bu olti misol hadis yozishga shunchaki ruxsat berilmaganini, balki Payg'ambarimiz alayhissalom tomonidan yozilishi amr qilinganini, yozishdan qaytarishning eski sababi esa, Qur'on bilan hadisning aralashib ketish xavfi tufayli vaqtincha ehtiyot chorasi bo'lganini ko'rsatish uchun etarlidir. Bu o'tkinchi xavf bir muddatdan keyin yo'qoldi. Qaytariq bekor qilindi va sahobalar hadislarni yozuvli bir holatda saqlab qolishdi.

 

[1] Imom Buxoriy. Sahih.

[2] Imom Buxoriy. Sahih.

[3] Imom Termiziy. Jome'.

[4] Abu Dovud. Sunan.

[5] Ibn Abdulbar. Jome'.

[6] Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ilm deganda Qu'on va hadis bilan mashg'ul bo'lish tushunilgan.

[7] Ibn Abdulbar. Jome'.

[8] Imom Termiziy. Jome'.

[9] Ibn Abdulbar. Jome'.

[10] Imom Muslim. Sahih. J. 2. – B. 414.

[11] Imom Termiziy. Jome'.

[12] Ibn Abdulbar. Jome'.

[13] Imom Buxoriy. Sahih.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

 

1-qism2-qism3-qism4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism8-qism9-qism10-qism11-qism12-qism13-qism, 14-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi

08.05.2025   9707   1 min.
Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi

Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.


9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.


Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.


Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.


Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi
O'zbekiston yangiliklari