Ramazon oyi mo'min musulmonlar uchun farz amalni ado qilish oyidir. Bu oyda erta tongda saxarlik qilib, og'izlarimizni yopamiz. Alloh taolo uchun kun bo'yi eyish-ichish va shahvoniy yaqinlashishdan tiyilamiz. Quyosh botishi bilan iftorlikka shoshilamiz va iftor paytida duo qilib og'izlarimizni ochamiz.
Iftorlik qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunatlaridir.
Iftorlikda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam og'izlarini ho'l xurmo bilan ochar edilar. Agar ho'l xurmo bo'lmasa, quruq xurmo bilan ochar edilar. Bu haqda Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam namoz o'qishdan oldin og'izlarini bir nechta ho'l xurmo bilan ochar edilar. Ho'l xurmo bo'lmasa, quruq xurmo bilan, u ham bo'lmasa, bir necha ho'plam suv bilan ochar edilar”.
Salmon ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Qachon qay biringiz iftor qilsa, og'zini xurmo bilan ochsin, chunki u barakadir. Kim topolmasa, suv bilan ochsin, chunki u poklovchidir” (“Sunan” egalari rivoyat qilishgan).
Demak, iftorlik paytida xurmo bilan og'iz ochishimiz baraka bo'lsa, suv bilan og'iz ochishimiz esa poklikdir. Alloh taolo barchamizni muborak Ramazon oyi fazilatlaridan bahramand qilib, yurtimiz va oilalarimizda baraka va poklikni bardavom qilsin!
Ruhiddin Akbarov
O'zbekiston Musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati